09:35 / 25.07.2019
3 465

Ishga qabul qilishda sudlanganlik "spravka"sini so‘rash bekor qilinadi

Ishga qabul qilishda sudlanganlik "spravka"sini so‘rash bekor qilinadi
Davlat xizmatlari agentligi ishga qabul qilishda sudlanganlik haqidagi ma’lumotnoma taqdim etilishidan butunlay voz kechish choralarini ko‘rmoqda. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi Zed News axborot kanaliga ma’lum qilgan.

Ya’ni, barcha ish beruvchilar integratsiyalangan platforma orqali ma’lumotnomalarni o‘zlari so‘rab oladilar. Ushbu qulaylik sudlanganlik haqida ma’lumotlar bazasi to‘liq raqamlashtirilgandan so‘ng joriy etiladi.

Bugun kanalga Davlat xizmatlari markazi orqali ana shunday ma’lumotnoma narxi 40 ming so‘mgacha chiqqani haqida maqola chiqqan. Davlat xizmatlari agentligi bunga darrov o‘z pozitsiyasini bildirgan.

DXA xabariga ko‘ra, ilgari sudlanganlik haqida ma’lumotnoma faqat viloyatlar IIBda va Ichki ishlar vazirligining axborot markazi tomonidan taqdim etilgan. Natijada fuqarolar ma’lumotnomani olish uchun uzoq tumanlardan viloyat markaziga yoki Toshkent shahriga kamida ikki marotaba (birinchi murojaat qilish uchun, ikkinchi — tayyor hujjatni olish uchun) qatnashlariga majbur bo‘lishgan.

Bundan tashqari, kamida 10-15 kun, ayrim hollarda esa, oylab kutishga majbur bo‘lishgan.

Yana bir muhim jihati, aksariyat hollarda ushbu hujjatning Ichki ishlar vazirligining axborot markazi tomonidan tasdiqlangan varianti talab qilingan. Oqibatda fuqarolar uzoq viloyatlardan birgina ma’lumotnoma uchun Toshkent shahriga qatnashga majbur bo‘lishgan.

Endi esa Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 4 oktyabrdagi 797-son qarori bilan tasdiqlangan Sudlanganlik haqida ma’lumotnoma berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga asosan, mazkur hujjatni barcha fuqarolar o‘z yashash manzilidagi tegishli Davlat xizmatlari markazlari orqali olishlari mumkin.

Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Ya’ni hozircha 20 273 so‘m, avgustdan 22 300 so‘m bo‘ladi.

Ma’lumotnoma Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilingan kundan boshlab, 2 ish kunidan kechiktirmasdan (odatda, ertasigayoq) berilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ishga qabul qilishda sudlanganlik "spravka"sini so‘rash bekor qilinadi