23:30 / 29.07.2020
3 121

Qashqadaryolik sinchkov haydovchi YPX inspektorini jarima to‘lashga majbur qildi

Qashqadaryolik sinchkov haydovchi YPX inspektorini jarima to‘lashga majbur qildi
Foto: Maqsud Muzaffarov
Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida sinchkov haydovchi YPX inspektorini jarima to‘lashga majbur qildi, deya xabar berdi «Daryo» nashri.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 14 iyul kuni Qamashi tumanida xizmat olib borayotgan YPX inspektori Bahodir Ergashev shaxsiy avtomobilini to‘xtashni taqiqlovchi 3.27 yo‘l belgisi bor joyda qoldirgan. Buni ko‘rgan boshqa haydovchi esa avtomobil taqiqlovchi belgi o‘rnatilgan joyda turganini tasvirga olib, internetga joylagan.

«YPX inspektori Qamashi tumanida xizmat olib borayotgan paytda haydovchilardan qoidani buzmaslikni so‘rayotgandi. Va qoidabuzarliklar uchun jarima yozayotgandi. Holbuki, o‘sha paytda o‘zining shaxsiy avtomobili to‘xtashni taqiqlovchi belgi ta’sirida qoldirilgandi. Men esa YPX inspektorining o‘zi ham yo‘l qoidasini buzganini ko‘rsatish uchun uning avtomobilini tasvirga oldim», — deydi video muallifi, qashqadaryolik bloger Maqsud Muzaffarov.

Bloger Maqsud Muzaffarov YPX inspektorining qoidabuzarligini tasvirga olib, videoni Telegram kanalida joylaydi. Mazkur videoga e’tibor qaratgan Ichki ishlar vazirligi YHXBB axborot xizmati esa YPX inspektori jarimaga tortilganini ma’lum qildi.

Foto: YHXBB axborot xizmati
«2020 yilning 28 iyul kuni ijtimoiy tarmoqda Nexia rusumli, 70 J 989 OA davlat raqam belgili shaxsiy transport vositasi 3.27 — ‘To‘xtash taqiqlangan’ yo‘l belgisi ta’sir doirasida qoldirib ketilgani tasvirlangan va ushbu avtomobil YPX xodimiga tegishli ekanligi aytilgan videolavha tarqaldi. Videolavha o‘rganildi. Nexia haydovchisi Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani IIO FMB YHXB katta inspektori B.Ergashevga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rildi», — deyiladi YHXBB axborot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, qonunchilikka ko‘ra transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima yoziladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)