16:21 / 11.09.2020
4 240

Prokuratura voyaga yetmagan qizni zo‘rlagani aytilayotgan xonanda ustidan qayta tekshiruv tayinladi

Prokuratura voyaga yetmagan qizni zo‘rlagani aytilayotgan xonanda ustidan qayta tekshiruv tayinladi
Kuni kecha Kun.uz saytida «Mashhur xonanda voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkani aytilmoqda. IIB jinoiy ish ochishni rad etdi» nomli maqola e’lon qilingandi.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, ish yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qarori Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilgan.

Aniqlanishicha, shu yil 17 iyunda Urgut tumanida yashovchi fuqaro R.F. Kattaqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida 13 iyun kuni voyaga yetmagan qizi M.Sh.ni dugonasi S.D. Kattaqo‘rg‘on tumaniga olib kelib, uni qo‘shiqchi J.U. va uning bir o‘rtog‘i bilan tanishtirganini, J.U. va uning o‘rtog‘i ularni bir uyga olib borganini va shu kuni J.U. uni zo‘rlab nomusiga tekkanini, shu sababli J.U.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizaning 26 iyundagi xulosasida fuqaro Sh.M.ning tanasida, ya’ni ko‘z yuqori qovoqlar, ikkala boldir, o‘ng bilak sohalarida qontalashlar kabi jarohatlar aniqlanib, ushbu jarohatlar sud-tibbiy tekshiruviga qadarli bir kundan ko‘p, ikki kundan kam bo‘lgan vaqt oralig‘ida yetkazilgan bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Mazkur murojaat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi TB tergovchisi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra, 10 iyul kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

To‘plangan hujjatlar Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilganda, bir qator tergovga qadar tekshiruv harakatlari to‘liq bajarilmaganligi, JPKning 22-moddasida talablarga rioya etilmaganligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan tekshirib ko‘rilmasdan shoshma-shosharlik bilan qabul qilinganligi aniqlangan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi TBning jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida 10 iyul kuni qabul qilgan qarori Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan 10 sentabr kuni bekor qilinib, qo‘shimcha tekshiruv harakatlari olib borish uchun Kattaqo‘rg‘on tuman IIB TBga yuborilgan, deyiladi ma’lumotda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Prokuratura voyaga yetmagan qizni zo‘rlagani aytilayotgan xonanda ustidan qayta tekshiruv tayinladi