19:48 / 19.02.2021
3 675

“Men oltmish yashar qizman...”

“Men oltmish yashar qizman...”
Bir ayol doktor Mustafo Mahmudga xat yozibdi. Hasrat to‘la maktubga alloma shunday javob berganki... o‘qib, ibrat olamiz, xolos...
Men oltmish yashar qizman. Uch avlod ustida ko‘prik bo‘lib umrim o‘tdi. Muhabbat nimaligini, turmushga chiqish neligini bilmay o‘tdim.

O‘n yoshimda ukamni ko‘tarar, unga qo‘shiqlar aytib berar edim. O‘ttiz yoshimda shu ukam uylandi. Endi uning bolalarini ko‘tara boshladim. Uning bolalari ham uylandi. Endi horigan ko‘ksim ustida ularning bolalari yotar edi. Qolgan umrim shular bilan o‘tadi shekilli...

Siz oltmish yil chanqoq holda qirg‘oqda yashash neligini bilmaysiz. Buni anglashingiz mumkin emas. Chunki siz buni tajriba qilib ko‘rmagansiz. Siz erkak kishisiz. Yoshligimda erkaklar ko‘cha, maktab uchun yaratilgan. Ayollar esa oshxona uchun yaratilgan deyishar edi.

Otamning iqtisodiy holatlari o‘rtacha edi. Farzandlarini universtitetda o‘qitishni orzu qilar edilar. Onam vafot etganlaridan so‘ng bu orzuning badali men bo‘ldim. Uydan chiqa olmay qoldim. Pishirar edim, yuvar edim, kafellarni artar edim. Qisqasi xodimaga beriladigan maoshni saqlab qolib otamga yordam berar va uning orzularini amalga oshishiga ko‘maklashar edim. Yosh avlod universitetga kirishi, ta’lim olishi va "biz erkaklarmiz" deyishi uchun go‘sht va qonidan to‘laydigan to‘lov bo‘ldim.

Men bu fidokorlikdan baxtiyor edim. Men ko‘ksimda tarbiya topgan uch avlodning bokira onasi edim. Ammo hozir atrofimdagi olam o‘zgarib qolgan. O‘zimni begona olamdagi begona insondek his qilayapman. Bunda safsata, g‘urur, sevgi, xudosizlik va boylik liq to‘la.

O‘zim tarbiya qilgan, yoshligimni va umrimni ularga bergan qizlar va bolalar menga bir buyum va eski narsa singari boqishadi. Meni masxara qilishadi. Chunki men ularning zamonidan, siyosatdan, sevgidan bexabarman. Ustimdan kulishadi.

Oshxonadagi hukmronligim ham tugagan. Uni yangi oshpaz egallagan. Deraza oldiga kelib hech kimga sezdirmasdan yig‘lab olaman. Bitta narsaga ega bo‘lishni hohlar edim. U qadr... Ammo shunga ham ega bo‘la olmadim. Qanchalar baxtsizman...


Doktor Mustafo Mahmud bu ayolga javob beradi:
"Aziz ona! Zamonadan, siyosatdan va muhabbatdan xabardor qizlaringiz aslida muhabbatdan hech narsani tushunmas ekan. Ular sizga xizmatkor bo‘lishga ham loyiq emaslar. Muhabbat bu siz, ey ona! Siz sharafsiz, fidokorliksiz va fazilatsiz. Siz yangi avlod uchun to‘lov bo‘lishga rozi bo‘ldingiz. Ular sizning qo‘lingizdan olgan ilm, madaniyat va hurriyat sarmoyasiga badal bo‘ldingiz. Bu safsatalar barisi sizning dasturxoningizdagi uvoqlardir. Agar ulardan aziyat ko‘rgan bo‘lsangiz, ular sizga oq bo‘lishgan bo‘lsa siz ularni kechiring. Bu payg‘ambarlar odati va ziynatidir. Sizga buyuk narsa bunyod qilgan ayol ekaningizni his qilishingizni o‘zi kifoya qiladi. Men sizga ta’zim qilib, qo‘lingizni o‘paman, ey pokiza Maryam!"

Mustafo Mahmudning "Oshiqlar e’tirofi" kitobidan
A.Polvonov

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Men oltmish yashar qizman...”