Chorvoqda cho‘kib ketgan oila a’zolaridan birining jasadi topildi

Chorvoqda cho‘kib ketgan oila a’zolaridan birining jasadi topildi

2 sentyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv omborida ota va uning ikki o‘g‘li cho‘kib ketgan edi. Ular katerda sayr qilish vaqtida cho‘milish taqiqlangan hududda himoya nimchalarisiz suvga tushgan.

Ma’lum qilinishicha, suvda oila a’zolaridan birining oyog‘i tortishib, u cho‘ka boshlagan. Uni qutqarish uchun avval otasi, keyin ikkinchi o‘g‘li suvga tushgan. Natijada uchalasi ham suvga g‘arq bo‘lgan. Kater haydovchisi ham ularni qutqarishga uringan, ammo buning imkoni bo‘lmagan. Hodisa paytida katerda ayol va ularning singlisi ham bo‘lgan.

Hodisa joyiga FVV g‘avvos-qutqaruvchilari jalb qilinib, keng ko‘lamli qidiruv ishlari boshlangan. Suv omborining chuqurligi va qidiruv hududining kattaligi ishlarni murakkablashtirgan. Qidiruvga Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridan ham qo‘shimcha kuchlar jalb etilgan.

Qidiruv ishlari davomida bugun soat 13:02 da suvga cho‘kib ketgan fuqarolardan birining jasadi topildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.

Ayni paytda qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar