Davlat mulki va yerlarini sotib olish shartlari yengillashtiriladi

Davlat mulki va yerlarini sotib olish shartlari yengillashtiriladi

O‘zbekistonda davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirishda tadbirkorlar uchun qator yengilliklar joriy etilmoqda. Bu Prezidentning 28 avgustdagi farmonida belgilangan.

Unga ko‘ra, davlat aktivini sotib olishda avans to‘lovi 30 foizdan 15 foizga tushiriladi. Shuningdek, aktiv qiymatini 6 oy ichida to‘liq to‘lagan tadbirkorga 25 foiz chegirma beriladi.

Bundan tashqari, aktiv qiymatining yarmini (50 foiz)to‘lagan xaridorga qolgan qismini 7 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi (yoki 35 foizini 3 oyda to‘lab, qolganini 5 yilga foizsiz bo‘lib to‘lash mumkin).

Yer uchastkalari esa tadbirkorga tayyor holda taklif etiladi. Ya’ni qurilish uchun zarur ruxsatlar, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyiha hujjatlari tayyorlangan holda auksionga chiqariladi. Bu tadbirkorlarni hujjat to‘plash uchun oylab vaqt sarflashdan xalos qiladi.

Shuningdek, auksionda uch oy davomida sotilmagan davlat mulkining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha pasaytirilishi belgilangan.

Islohotlardan maqsad — iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, samarasiz foydalanilayotgan aktivlarni xususiy sektorga o‘tkazish hamda ular asosida yangi loyihalar va ish o‘rinlari yaratishdan iborat.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar