Samarqandlik ayol uch yildan beri hujjatlarda tirikligini isbotlay olmayapti

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan ayol bilan bog‘liq murojaat tarqaldi. Unda ayol hujjatlarda vafot etgan shaxs sifatida qayd etilgani va bu muammoni uch yildan beri hal qila olmayotganini aytgan.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u 2022 yil avgust oyida Bulung‘ur tumanidagi tug‘ruqxonada farzandli bo‘lgan. Biroq chaqaloq vafot etgan. Uning ta’kidlashicha, aynan shu jarayonda tibbiyot xodimlari tomonidan xatolik yuz berib, elektron tizimga onaning o‘limi haqidagi ma’lumot ham kiritilgan.
Ayol ushbu holatdan 2023 yilda yana tug‘ruqxonaga murojaat qilganida xabar topganini bildirgan. Uning aytishicha, tibbiyot xodimlari xatoni tan olib, buning uchun uzr so‘ragan va ma’lumotlar tuzatilganini ma’lum qilgan.
Biroq muammo shu bilan tugamagan. Ayol kredit olish maqsadida bankka murojaat qilganida, tizimda hanuzgacha u vafot etgan shaxs sifatida qayd etilgani aniqlangan.
Murojaat muallifining ta’kidlashicha, u mazkur xatoni tuzatish uchun bir nechta tashkilotga murojaat qilgan. Shunga qaramay, uch yil davomida masala to‘liq hal etilmagan.






























Izohlar 0
…