17:44 / 15.03.2021
3 987

Samarqandda 7 va 14 yoshli aka-ukalar 27 yoshli qo‘shni ayol tomonidan o‘ldirildi

Samarqandda 7 va 14 yoshli aka-ukalar 27 yoshli qo‘shni ayol tomonidan o‘ldirildi
Samarqand viloyatining Payariq tumanida 1- va 7-sinfda tahsil oluvchi aka-ukalar qo‘shnisi tomonidan o‘ldirildi. Bu haqda «Daryo» xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2021 yilning 13 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Payariq tumanida yashovchi ikki nafar bolaning qidirilayotgani xabar berilgan. Ma’lumotda qidiruvga berilgan bolalarning tumandagi 6-maktab o‘quvchilari ekanligi, 13 mart kuni soat, taxminan, 13:30 uyidan «maktabga ketamiz», deb chiqib ketgan va uyga qaytmagani aytilgan.

Ta’kidlanishicha, qidiruvga berilgan bolalar iskovich itlar yordamida yon qo‘shnisining uyidan o‘lik holda topilgan. Bolalarini bu holda ko‘rgan ota-onaning tobi qochib, shifoxonaga yotqizilgan.

«Daryo» muxbirining aniqlik kiritishicha, bolalarni 27 yoshli qo‘shni ayol o‘ldirgan. Bolalar nima sababdan o‘ldirganligi hozircha noma’lum. Samarqand viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, bolalarni qasddan o‘ldirgan ayol ushlangan.

Prokuraturaga ko‘ra, 2021 yil 14 mart kuni Payariq tumani «Alisher Navoiy» mahallasida yashovchi M.T. prokuraturaga ariza bilan murojaat qilib, 2021 yil 13 mart kuni voyaga yetmagan farzandlari yashash uyidan noma’lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo‘qolganligini va ularni topishda amaliy yordam berilishini so‘ragan.

Murojaat yuzasidan prokuratura xodimlari hodisa joyiga chiqib, tezkor qidiruv tadbirlarini olib borgan. Natijada mahalladagi hovlidan voyaga yetmaganlarning murdasini yoqib yuborilgan holda topilgan.

Aniqlanishicha, 2021 yil 13 mart kuni O.T. tanishi M.T.ning yashash uyiga yashirin ravishda o‘g‘rilikka kirib, xonadonda hech kim yo‘qligidan foydalanib, pul va qimmatli buyumlarni qidirayotgan vaqtida M.T.ning farzandlari maktabdan uyga qaytib, uning sodir etayotgan jinoyatiga guvoh bo‘lib qolgan. Shu sababli O.T. o‘z jinoyatini yashirish va voyaga yetmaganlarni qasddan o‘ldirish maqsadida turli bahonalar bilan aldab, o‘zining yashash xonadoniga olib borib, hovlisi o‘rtasida turgan yer ag‘darish uchun mo‘ljallangan belkurak bilan dastlab A.T.ning bosh va bo‘yin qismiga zarb bilan urib, tan jarohati yetkazgan. A.T.ga yordam berish uchun yetib kelgan akasi S.T.ni ham ushbu belkurak bilan bosh va bo‘yin qismiga urib, tan jarohati yetkazib ularni qasddan o‘ldirgan.

Shundan so‘ng O.T. ushbu qotillik jinoyatini yashirish maqsadida voyaga yetmaganlarning murdasini hovlisidagi o‘zi qazigan yarim metrlik chuqurga tashlab, g‘o‘zapoya va yog‘och taxtalar bilan tanalarini yoqib, murda qoldiqlarini ko‘mib qo‘ygan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, marhum voyaga yetmagan S.T.ning o‘limi orqa miyani kalla asosi va birinchi bo‘yin umurtqasi oralig‘idan uzilishi, orqa miyaning lat yeyishi, marhum voyaga yetmagan A.T.ning o‘limi esa kalla asos va gumbaz suyaklarining sinishi, bosh miya pardalari ostiga va to‘qimasiga qon quyilishi, bosh miyaning lat yeyishi oqibatida kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a», «v», «j», «o» bandlari (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, O.T. himoya huquqi bilan ta’minlangan holda JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan va bu haqda gumon qilinuvchining yaqin qarindoshiga telefon orqali xabar qilingan.

Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda. Jinoyat ishi tergovi esa viloyat prokurori tomonidan nazoratga olingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda 7 va 14 yoshli aka-ukalar 27 yoshli qo‘shni ayol tomonidan o‘ldirildi