09:15 / 24.04.2021
1 744

Sakkiz ming yevro bo‘lib qaytgan yaxshilik

Sakkiz ming yevro bo‘lib qaytgan yaxshilik

Bu voqeani menga bir necha yil oldin ustozim aytib bergan edi. Keling, yaxshisi, uning tilidan hikoya qilaman.
Qizim nemis tilini o‘rganib yurgan paytlar edi. Bir kuni Farg‘onaga master-klass o‘tish uchun Germaniyadan bir guruh o‘qituvchilar keldi. Bir necha oy tilga qiziquvchi yoshlarga darslar o‘tishdi. Ular orasida qizim ham bor edi.

Bir kuni qizim “oyi, o‘qituvchilarim Germaniyaga qaytib ketyapti. Bir o‘qituvchi menga juda yoqib qoldi. O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘rarkan. Shu ayolni uyimizga chaqirib, mehmon qilmaymizmi”, deb qoldi. Men esa “albatta, shuncha payt tekinga o‘qitishyapti. Shuncha narsa o‘rganding, mayli, rahmat tariqasida osh qilib beraman”, deb rozi bo‘ldim.

Ayol uchun kichkinagina dasturxon yozib, mehmon qildik. O‘shanda turmush o‘rtog‘imning jahli chiqdi.
— Nima keragi bor edi, birovni uyga chaqirish shartmidi?
— Mayli, dadasi qo‘yavering, mehmon atoyi Xudo, ertaga bizga ham biror yaxshiligi tegar.
— Bugun bor-u ertaga ko‘rmaydigan odaming bo‘lsa, nima yaxshiligi tegardi?

Suhbatimiz shunday yakunlandi. U xonasiga kirib ketdi. O‘zi turmush o‘rtog‘imning fe’li shunday og‘irroq edi. Keyinroq yana gaplasharman dedim-da, mehmonga qaradim. Xullas, ayolni chiroyli mehmon qilib kuzatdik. Bizga rahmat aytib xursand bo‘lib, o‘z yurtiga qaytib ketdi.

Oradan yillar o‘tdi. Qizim litseyni tamomlash arafasida Berlindagi universitetga grant yutib oldi. Boshqa tarafdan esa fan olimpiadasining respublika bosqichida g‘olib bo‘lib, O‘zbekistondagi oliygohda grant asosida tahsil olish imkoniyatini ham qo‘lga kiritdi.

Qizim bolaligidan xorijda tahsil olishni orzu qilardi. Tabiiyki, grant yutgani uchun Germaniyani tanladi. Ammo o‘sha payt bir muammo paydo bo‘ldi. Ya’ni Germaniyaga viza olishi uchun bankda o‘sha fuqaroning hisob raqamida sakkiz ming yevro puli bo‘lishi kerak ekan. Usiz hech qanday viza berilmas ekan.

Bilasiz, bu o‘sha paytda (hatto hozir ham) kichkina pul emasdi. Tanish-bilishlardan yordam so‘radik, lekin buncha pulni birdaniga topish amrimahol edi. Qizim esa “yaqin orada o‘qish boshlanadi, endi ketolmaymanmi”, deb yig‘lar edi.

Bizni esa boshimiz qotgandi. Sakkiz ming yevroni endi qayerdan topamiz?
O‘sha paytlari Cobalt mashinamiz bor edi. Dadasidan “keling, shuni sotib, bankdagi hisob raqamga qo‘yib turaylik, qizimiz ketganidan keyin yechib olaveramiz”, deb so‘radim. Ammo xo‘jayinim “ana O‘zbekistonga ham grantga kirdi-ku, shu yerda o‘qisa bo‘lmaydimi”, deb mashinasini sotishga rozi bo‘lmadi.

Endi nima qilamiz deb Allohdan yordam so‘rab, yechim izlardik. Yaratganning mehribonligini qarangki, o‘sha payt bir yangilikdan xabar topdik. Ya’ni mamlakat qonunlariga ko‘ra Germaniyada yashaydigan oylik maoshga ega inson boshqa mamlakatdan keladigan talabani o‘z qaramog‘iga olsa, hech qanday hisob raqamdagi mablag‘ talab qilinmas ekan. Ayniqsa u professor bo‘lsa...
O‘sha ayolga bu haqda yordam so‘rab yozganimizda, u bajonidil rozi bo‘ldi va bizga tilxat yubordi. Biz esa o‘sha hujjat bilan hech qanday ortiqcha mablag‘larsiz qizimni Germaniyaga o‘qishga yubordik...

Ustozimning hikoyasini eshitarkanman, ichim to‘lqinlanib ketdi. Qarang, bir insonni ko‘nglini olish, xursand qilish butun oilaga qancha katta manfaat keltirdi-a?
Aslida hayotim davomida ham bunga ko‘p bora amin bo‘ldim. Yaxshilik hech qachon javobsiz qolmas ekan. Alloh taolo An’om sur’asining 160-oyatida aytganidek, “Kim bir chiroyli amal qilsa, unga o‘n barobar qilib qaytarilur”. Mana oyatda aytilganidek, sakson ming so‘mga qilingan osh vaqt o‘tib, sakkiz ming yevro bo‘lib qaytdi. Alloh, albatta, va’dasiga vafo qilguvchi mehribon Zotdir!
Xonzodabegim A’zamova 
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti birinchi bosqich magistranti


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Sakkiz ming yevro bo‘lib qaytgan yaxshilik