23:00 / 21.06.2021
3 494

Sherzod Asadov prezident sayloviga nomzodlar e’lon qilinishi haqida


Prezident matbuot kotibi OAV uchun o‘tkazilgan an’anaviy brifingda boshlangan haftada davlat rahbari ishtirokida qanday tadbirlar rejalashtirilgani to‘g‘risida ma’lumot taqdim etdi. Shuningdek, Sherzod Asadov jurnalistlardan kelib tushgan savollarga ham javob berdi.

Brifingda ishtirok etgan Amerika Ovozi jurnalisti Navbahor Imomova prezident matbuot kotibidan Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka yana o‘z nomzodini qo‘yishi haqida so‘radi.

Sherzod Asadov saylovga tayyorgarlik jarayoni boshlanganini, O‘zbekiston YEXHTning DIIHB missiyasini bir necha bor qabul qilgani, saylovni jahon standartlari bo‘yicha olib borishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini bildirdi.

«Demak, saylovoldi jarayoni start berilishiga uncha ko‘p vaqt ham qolmadi, bu – iyul oyi oxiri. Nomzodlar kim, qachon o‘z nomzodini ilgari surishini, biz albatta mana shu muddatgacha kutishimiz kerak. Birinchi navbatda, bu har bitta nomzodning, har bir fuqaroning o‘z konstitutsiyaviy huquqi», dedi prezident matbuot kotibi.
  • Ma’lumot uchun, prezident saylovini O‘zbekiston fuqarolari umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiradi. Ushbu lavozimga 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi saylanishi mumkin. O‘zbekiston prezidenti besh yil muddatga saylanadi.
O‘zbekistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari shu yilning oktabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.
Odatga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentligi saylovlarida asosiy nomzoddan tashqari boshqa partiyalarning yetakchilari ham o‘z nomzodini ilgari suradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yil dekabridagi saylovlarda Liberal-demokratik partiyadan nomzod bo‘lgandi.

Iyun oyi boshida «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov partiya prezidentlikka o‘z nomzodini iyun oyida e’lon qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. 

Bundan tashqari, kuzdagi saylovlarda Adolat» SDP raisi Bahrom Abduhalimov, Xalq demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatov va Ekologik partiya raisi Narzullo Oblomurodov ham nomzod bo‘lishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sherzod Asadov prezident sayloviga nomzodlar e’lon qilinishi haqida