16:37 / 23.11.2023
1 034

Qamoqxonadagi tanishuv omad keltirgan, Ozodning kutilmagan qaroridan yig‘lagan, mashhur san’atkorning jiyani — Maftuna Shokirova 28 yoshda

Qamoqxonadagi tanishuv omad keltirgan, Ozodning kutilmagan qaroridan yig‘lagan, mashhur san’atkorning jiyani — Maftuna Shokirova 28 yoshda

Keyingi vaqtlarda mashhur bo‘lish uchun kinolarda suratga tushish yoki qo‘shiq kuylash shart bo‘lmay qolgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi faollik ham kishini mashhurlik cho‘qqisiga olib chiqishi mumkin. Maftuna Shokirova aslida professional aktrisa, ammo uni ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlardagi videolar orqali yaxshi taniydi.

Maftuna Shokirova 1995 yilning 17 noyabr kuni Navoiy viloyatida dunyoga kelgan. U uch o‘g‘ildan keyin dunyoga kelgan yolg‘iz qiz farzand.

Foto: Instagram / @maftunshokirova

— Sanʼatga bo‘lgan mehr oilada shakllangan desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki tog‘am “Sarbon” guruhining solisti Farhod Saidov hisoblanadi. Onam ham bolalikdan aktrisalikka qiziqqan va bu sohada tahsil ham olgan. Ammo oilaviy sharoit va qarshiliklar sabab, ijoddan ketib boshqa ish bilan shug‘ullangan. Hozir esa seriallarda katta-kichik rollarni ijro etadi. Bolaligimdan sanʼatga qiziqqanim bois, Navoiy sanʼat va madaniyat kollejida “Drama kino aktyorligi” yo‘nalishida tahsil olganman. Undan keyin Toshkentga kelib xuddi shu yo‘nalishda institutga o‘qishga kirdim. Rostini aytsam, talabalik paytimda birorta syomkalarda ishtirok etmaganman. Institutning eng tartibli va aʼlochi o‘quvchilaridan biri edim, — deydi Maftuna Shokirova.

Maftuna Shokirova tabiatan biroz tortinchoq bo‘lgani va uning aktrisa bo‘lishini o‘zidan ko‘proq onasi xohlagani haqida ham so‘zlab bergan.

Foto: Instagram / @maftunshokirova

— Bolaligimda juda tortinchoq qiz bo‘lganman. O‘zimni ko‘rsatishni istamasdim. Ammo o‘qishim hamisha aʼlo bo‘lgan, indamay yurib ishimni bitirardim. Avvaliga menda aktrisa bo‘lishga u qadar kuchli xohish bo‘lmagan. Hatto, onam mening nomimdan kastinglarga rasmlarimni jo‘natardi. Syomkalarga ham o‘zi olib borib, rolni ijro etish borasida maslahat berardi. Hozir ham onamning maslahatisiz biror vayn yoki rol ijro etmayman, — deydi aktrisa Maftuna Shokirova.

“Drama aktyorligi” bo‘limida tahsil olgan aktrisa bugungi kunda nega faqat komediya yo‘nalishida ijod qilishini quyidagicha izohladi.

Foto: Instagram / @maftunshokirova

— Shaxsan menda komediyaga moyillik “Million” jamoasining konsertidan so‘ng paydo bo‘lgan. 2019-yilgi konsertda ishtirok etganimdan keyin ko‘pchilik shu yo‘nalishda ijod qilishni taklif qildi. “Million”ga hech qanday tanish-bilishsiz, kasting orqali borganman. U yerdagi muhit va hamjihatlik yoqqan. Afsuski, bu konsertdan keyin karantin boshlandi va guruh bilan birga ijod qilolmadik, — deydi aktrisa Maftuna Shokirova.

Aktrisa juda ko‘p film va seriallarda suratga tushgan. Ammo hamma rol ham uning tanilishiga xizmat qilmagan.

Foto: Instagram / @maftunshokirova

— Aktrisa qaysi rol orqali ochilishini hech kim bilmaydi. Vaynlar suratga olinguncha juda ko‘p loyihalarda suratga tushganman. Kliplarda ham rol ijro etganman. Ammo meni rolda tanishlarimdan boshqa hech kim tanimasdi. 2020-yili aktrisa Anjela Yesimbetova rejissyorligida “Qora atirgul” seriali suratga olinadigan bo‘ldi. Filmda yetim qiz rolini ijro etgandim. U tuxmat sabab qamalib qoladi va qamoqxonada serialning boshqa qahramonlari bilan ham uchrashadi. Suratga olish kuni bir guruh aktrisalar bilan tushlik qilib o‘tirganimizda Indira Miftahova vayn jamoasi tashkil qilayotgani va aktrisa izlayotgani haqida aytib qolgan. Shunda Anjela Yesimbetova “Maftuna zo‘r variant, bir nechta shevalarda gapiroladi”, degan. Shunda Indira opa bilan telefon raqamlarni almashganmiz va u sabab Ozod Shukrullayev bilan tanishganman. — deydi Maftuna Shokirova.

Afsuski, 2023 yilning aprel oyida Ozod va Maftunaning ijodiy hamkorligi nihoyasiga yetdi.

Foto: Instagram / @maftunshokirova

— Ozod aka bilan hamkorlikni to‘xtatishimizga arzimagan kichik narsa sabab bo‘lgan. Biz Ozod aka bilan bu haqda hech qayerda hech narsa gapirmaslikka kelishib olgandik. Shuning uchun nima vaziyat bo‘lganini men ochiq ayta olmayman. Hozir bu muammolar ortda qolib, o‘zimning yangi ishlarim bilan bandman. Lekin men ushbu duetdan chetga chiqarilib, yangi odam olinganini tasodifan bilib qolganman. Vaqt bo‘yicha kelishmovchiliklar bo‘lib turardi, shu sabab shunaqa bo‘ldi, deb o‘ylaganman. Lekin bu jiddiy ekan, — deydi aktrisa.

Maftuna Shokirova hamkorining boshqa aktrisa bilan vaynlar suratga olayotganini bilib shok holatiga tushganini ma’lum qildi. 

Foto: Instagram / @maftunshokirova

— Ijodimizni to‘xtatishimiz sababini hech qayerda gapirmaymiz, deb kelishgan bo‘lsak-da, ular tomonidan bu kelishuv buzildi, deb o‘ylayman. Sababi ularning yangi partnyorlarining intervyularini ko‘rib qoldim. Ular Maftuna Shokirova haqida so‘raganimda “Turmushga chiqishlari kerak ekan”, deb aytdilar, degan. Nima degani bu? Bu degani men hozir Ozod aka bilan ijod qilganimdan beri turmushga chiqolmay yuribmanmi, shunda? Odam gapirayotgan gapini o‘ylab gapirishi kerak, — deydi Maftuna Shokirova.

Maftuna va Ozodning vaynlari faqat oilaviy mavzularda bo‘lgani uchunmi ko‘pchilik ularni hayotda ham juftlik deb bilardi. Hatto Ozod Shukrulloyevga “Ayolingiz rashk qilmaydimi?” degan savollar ham ko‘p bor berilgandi.

Foto: Instagram / @maftunshokirova

— Ozod akaning ayollari bilan juda ahil edik. Ular bilan birga ovqatlanishga borardik. Ozod aka bilan hech qachon qo‘l berib ko‘rishgan emasman. Yozishmalarimiz ham hozirgacha turibdi. Ertaga qaysi vayn, qanday ssenariy bilan suratga olinadi, reklama bo‘yicha qayerga boriladi. Shular haqida gaplashganmiz faqat.

Foto: Instagram / @maftunshokirova

Ozod aka mengacha Shahlo Alijonova, Kumush Qosimova bilan ishlagan. Mendan ham intervyularda ular haqida so‘rashgan. Lekin men ular haqida hech nima demaganman. Ketgan odamning orqasidan vaziyatni bilmay turib, gapirish noto‘g‘ri.

Foto: Instagram / @maftunshokirova

Intervyularimdan birida turmushga chiqsam, Ozod aka bilan ijodni to‘xtataman, deganman. Lekin hamkorlikni ular to‘xtatdilar. Demak, turmushga chiqmayapman, — deydi Maftuna Shokirova.

Maftuna Shokirova sobiq portnyorining yangi videolarini ko‘rib yig‘lagani va hamkorligi bunday yakun topishini istamagani haqida gapirdi.

Foto: Instagram / @maftunshokirova

— Ozod aka yangi partnyorlari bilan vaynni qo‘yganlarida men yig‘ladim. Chunki ikki yil oz muddat emas. Ular bilan ikki yil birga mehnat qilgan edik. Bitta serialda ishlasangiz ham ijodkorlar bilan oiladek bo‘lib ketasiz. Masalan, “Ayriliq” serialida besh oy birga ishlab, syomka tugaganida hammamiz bir-birimiz bilan yig‘lab xayrlashganmiz. Xuddi shunaqa vaziyat bo‘ldi. Balki menga avvalroqdan kontentni yangilab, partnyorni o‘zgartirishimiz kerak, deganlarida men o‘zimni tayyorlab borardim. Lekin bunaqa bo‘lmadi. Men hamkorligimiz to‘xtaganini Instagram dan bildim, — deydi Maftuna Shokirova.

Foto: Instagram / @maftunshokirova

Maftuna Shokirova ayni damda Imona Ahmedova bilan birga yangi vaynlarni suratga olmoqda. Orada qo‘shiq ham aytib ko‘rdi, ammo u qadar muvaffaqiyatli chiqqani yo‘q.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Qamoqxonadagi tanishuv omad keltirgan, Ozodning kutilmagan qaroridan yig‘lagan, mashhur san’atkorning jiyani — Maftuna Shokirova 28 yoshda