12:23 / 31.12.2023
586

2023 yilda oila qurgan o‘zbek shou-biznesi vakillari (foto)

2023 yilda oila qurgan o‘zbek shou-biznesi vakillari (foto)
Yil albatta, sarhisob qilinishi, nimalarga ulgurdik va qaysi rejalar amalga oshmadi, degan savolga javob izlanishi zarur. Abituriyentlar o‘qishga kirishni, bo‘ydoqlar esa oila qurishni, farzand talablar esa yil boshida orzulariga erishishni niyat qiladi. Shou-biznes vakillarida ham oila qurish bilan bog‘liq rejalar bo‘lgan. Xo‘sh, yakunlanayotgan yilda kimlar oila qurdi?
 
Ulug‘bek Xolmedov ikkinchi marta uylandi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mirzabek Holmedov kenja o‘g‘li Ulug‘bek Holmedovni uylantirdi. Ammo bu birinchi nikoh emas, aktyor bundan avval ham oila qurgandi. Uning ilk nikoh to‘yi 2020 yilning 14 iyun kuni bo‘lib o‘tgan. Karantin kuchaytirilgan payt bo‘lgani uchun Mirzabek Xolmedov to‘yni hovlisida o‘tkazgan. Afsuski, kelin-kuyovlarning munosabati uzoqqa bormay, uzilgan. 2023 yilning 2 iyul kuni Ulug‘bek yana oila qurdi. Uning navbatdagi to‘yi ham dabdabali tarzda o‘tkazildi va unda o‘zbek san’atining ko‘plab vakillari ishtirok etdi.
 
Reper Shaxriyor bo‘ydoqlik bilan xayrlashdi
Bir necha yildan buyon AQSHda istiqomat qilayotgan reper Shahriyor 11 iyul kuni Nurangiz ismli qizga uylandi. To‘y xorijda emas, balki xonanda tug‘ilib o‘sgan Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Ammo bu nikoh marosimi xonandaning hayotidagi birinchi to‘y emas. U bundan avval ham oila qurgan va 2016 yili o‘g‘il farzandli bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Hamisha shaxsiy hayotini ommadan sir tutadigan ijodkorning navbatdagi to‘y videolari ham tashkilotchilar sabab ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
 
Dilshoda Rustamjonova ilk uchrashuvda yoqtirmagandi
Masallarni mohirlik bilan ijro etadigan yosh aktrisa Dilshoda Rustamjonova ham bu yil oila qurdi. Dilshoda va Shahbozning nikoh to‘yi 15 iyul kuni bo‘lib o‘tdi.
— Turmush o‘rtog‘im “Quvnoqlar va zukkolar”ga qatnashib yurgan paytimda tanishganman. Menda juda yomon tassurot qoldirgandi (kulib). Nihoyatda kibrli inson bo‘lib ko‘ringan. Keyinchalik tanishib, bir-birimizni o‘rgandik. Oila qurishimizni qaynonam ham juda xohladi. San’atga tushunadi va ijod qilishimga ko‘mak beradi, — deydi Dilshoda Rustamjonova.
 
Munisa Rizayeva nega belarus yigitini tanladi?
Munisa Rizayeva va Arseney Marozovning to‘yi 7 sentyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Aytish mumkinki, u eng shov-shuvli va katta byujet sarflangan to‘ylardan biri bo‘ldi.
— Belarus millatiga mansub yigitga turmushga chiqqanim uchun ijtimoiy tarmoqlarda menga va turmush o‘rtog‘imga nisbatan juda ko‘p negativ yozildi. Ular hatto turmush o‘rtog‘imning islomni qabul qilganiga ham qarab o‘tirmadi. Insonlar uchun bu narsaning hech qanday qadr-qimmati yo‘q ekan. Menga esa bu katta baxt. Chunki men bir insonning musulmon bo‘lishiga sababchi bo‘ldim. Turmush o‘rtog‘im negativlardan judayam asabiylashadi. Men unga “Umuman e’tibor berma”, deyman. Men tashqi olamga umuman e’tibor bermayman, — deydi Munisa Rizayeva.
 
Yorqinxo‘ja Umarov Ozodbek Nazarbekovga kuyov bo‘ldi
2023 yilning sentyabr oyida o‘zbek shou-biznesidagi eng kutilgan to‘ylardan biri bo‘lib o‘tdi. Xonanda Yorqinxo‘ja Umarov madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning qizi Zinnuraga uylandi. Nikoh kechasida o‘zbek shou-biznesining eng taniqli vakillari xizmatda bo‘ldi.
 
Dilshodbek Kattabekov: “San’atdagi eng keksa bo‘ydoq o‘zim edim”
“Kichkina tabib” filmidagi roli bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktyor Dilshodbek Kattabekov ham bo‘ydoqlar safini tark etdi. U o‘zidan 14 yosh kichik Zuhra ismli qizga uylandi. Ularning nikoh oqshomi 3 oktyabr kuni Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tdi.
— San’atdagi eng keksa bo‘ydoq o‘zim edim. Taqdirimdagi qiz uchrashishi kutdim. Zuhra holamning qo‘shnisi bo‘ladi, Sirdaryoga borganimda bir marta uchrashgandik. Yerga qarab turishi menda ijobiy fikr qoldirgan va uylansam faqat shu bilan oila quraman, degandim, — deydi Dilshodbek Kattabekov.
 
Xonzoda Do‘stova: “Turmush o‘rtog‘im bilan avvaldan tanishmiz”
San’atkorlar sulolasi vakili vayner Xonzoda Do‘stova ham bu yil turmushga chiqdi. Uning to‘yi 31 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi.
— Turmush o‘rtog‘imni ancha yildan buyon taniyman. Aynan vaynerlik faoliyatimni rivojlantirishda ham u kishining hissasi katta. Oila qurish uchun avval sharoit yaratdik, so‘ng to‘yni belgiladik, — deydi aktrisa.
 
Bobur Mansurov tomoshabinlar orasidan juftini topdi
Bu yil yana bir aktyor va vayner Bobur Mansurov ham oila qurdi. U o‘zidan sakkiz yosh kichik Fariza Oripova ismli qiz bilan oila qurdi.
— Ayolim bilan musiqa festivalida uchrashib qolganmiz. U oddiy tomoshabin bo‘lib kelgan. Ko‘ngil-ko‘ngilga to‘g‘ri kelib oila qurdik, — deydi Bobur Mansurov.
 
Azoda: “Oila qurishimizga Nilufar Usmonova sababchi bo‘ldi”
Aktrisa va vayner Azoda ham bu yil oila qurish baxtiga musharraf bo‘ldi. U san’atga aloqador bo‘lgan Abdulloh ismli yigitga 10 dekabr kuni turmushga chiqdi.
— Tanishuvimizga Nilufar Usmonova sababchi bo‘lgan. Hammasi taqdirdan, ammo baribir kimdir sababchi bo‘larkan, — deydi Azoda.
 
Bundan tashqari, bu yil san’at vakillari orasida Abdulloh Ma’sudov, Shahnoza Shokirova va Dildora Zokirovalar ham oila qurishdi. O‘z juftini topib, oila deb atalmish qo‘rg‘onni bunyod etgan barchaga baxt tilaymiz. Bu yil oila qurish rejalari amalga oshmaganlarga esa kelasi yil albatta, baxt kulib boqadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » 2023 yilda oila qurgan o‘zbek shou-biznesi vakillari (foto)