17:50 / 26.12.2024
584

Aktrisa Sitora Farmonova turmush oʻrtogʻi bilan qanday tanishgan edi?

Aktrisa Sitora Farmonova turmush oʻrtogʻi bilan qanday tanishgan edi?
Aktrisa Sitora Farmonova “Milliy” telekanalining “Ayol qalbi” koʻrsatuviga bergan intervyusida shov-shuvli toʻyi hamda turmush oʻrtogʻini ommaga koʻrsatmasligiga nima sabab boʻlayotgani haqida gapirdi.

Foto: Instagram
— Turmush oʻrtogʻingizni nima sababdan ommaga koʻrsatmadingiz?
— Shu paytgacha turmush qurgan san'at vakilining xoh u ayol boʻlsin, xoh erkak, umr yoʻldoshini ijtimoiy tarmoqlarda nimalar deb muhokama qilishmayapti? Men turmush oʻrtogʻimni shunaqa hurmat qilaman, u inson meni baxtli qilyapti, meni kaftida koʻtarib yuribdi. Meni turli fisq-u fasodlar, shou-biznes olami vakili boʻlishimga qaramay, oʻzligimni sevib-ardoqlagan insonni heyterlarga xafa qildirib qoʻygim kelmadi. Shuning uchun ularni ommaga koʻrsatmadim. Boshida ularga aytdim, ijtimoiy tarmoqlarga qiz bazmimni qoʻyaman, lekin toʻyimizni qoʻymayman, dedim. Ular menga “xohishingiz”, dedilar. Nikoh toʻyim Dubayda, judayam chiroyli tarzda oʻtkazildi.

Turmush oʻrtogʻim 5 yoshligida ular oilaviy Dubayga koʻchib ketishgan, asosan, u erda yashashadi. Qarindosh, aka-uka, opa-singillari hammasi uyoqda. Shuning uchun ham toʻyimiz aynan shu shaharda oʻtkazildi. Toʻyim xuddi oʻzim xohlagandek, suv boʻyida, orzumdagi dekoratsiyalar bilan bezatilgan holda oʻtkazildi. Ammo kelin salom va boshqa urf-odatlarimizni oʻz Vatanimda oʻtkazishni xohladim, buning gashti boshqacha.

Foto: Instagram
— Men hali hamon oilam bilan bogʻliq ma'lumotlarni oshkor etishni istamayman, ertaga nasib etsa, farzandli boʻlsam, buni ham ommadan sir tutaman. Chunki oila muqaddas va u erdagi sirlar faqat insonning oʻzigagina tegishli.
Oilamni ommaga hech qachon koʻrsatmayman. Chunki men baxtli yashashni maqsad qilganman, koʻz-koʻz qilishni emas. Koʻz, nazar degan narsalar bor. Nima bilan maqtansangiz, oʻsha narsangizdan ayrilasiz. Men oila degan muqaddas dargohga bir umr yashayman, deb qadam qoʻyganman.

Foto: Instagram
— Kuyov bola bilan qanday tanishgansiz?
— Ular bilan oilaviy doʻst boʻlganmiz, salom-aligimiz boʻlgan, lekin u qadar yaqin munosabatda boʻlmaganmiz. Sevishib yurish umuman boʻlmagan. Ular meni zimdan kuzatib yurgan ekanlar. Menga ilk gapirgan gaplari: “Sizni aslingizni, qalbingizni sevdim, tashqi koʻrinishingizni emas”, dedilar. Ular sevgi izhor qilmaganlar. Biz chet elda edik. Ular yonimga kelib, qahva ichaylik, dedilar. Restoranga kirsak hammayoq chiroyli qilib bezatilgan ekan. Shunda ham hech narsani tushunmadim. Balki restoranning dekori shunaqadir, deb oʻyladim. Ular kutilmaganda “Menga turmushga chiqasizmi?”, deb soʻradilar.

Umuman kutmagan boʻlsam ham, men rozilik bildirdim, chunki ularning qalblari goʻzal inson ekanliklarini bilardim. Keyin otamdan mening qoʻlimni soʻradilar. Otam esa mendan qoʻrqqanlar. Qizim yoʻq, deb qolsachi, deb oʻylaganlar. Keyin bular “Qizingizni rozi qildim”, deganlaridan soʻng rozilik bildirganlar. Shu bilan toʻy muhokamasi boshlandi. “Toʻy 12 noyabrda”, degan qaror qabul qilindi.

Aktrisa turmush oʻrtogʻining sohasi unikidan tubdan farq qilishi haqida ham toʻxtalib oʻtdi.

— Sohalari menikidan tubdan farq qiladi. Taniqli inson emaslar. Hozirda Toshkentda yashayapmiz. Men butun umr ota-onam bilan yashab, oʻrganib qolgan ekanman. Bir kunda 20 marta qoʻngʻiroqlashamiz otam bilan, deydi aktrisa.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat