Shahzoda Muhammedova «Imarat» mojarosidagi sirlarni ochishga va’da berdi

Shahzoda Muhammedova «Imarat» mojarosidagi sirlarni ochishga va’da berdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Aktrisa Shahzoda Muhammedova «Imarat Development» kompaniyasi ta’sischilari o‘rtasidagi mojaro yuzasidan videomurojaat yo‘llab, sherik Jasur Azizovni mablag‘larni o‘zlashtirish va kompaniya nomini noqonuniy o‘zgartirishda aybladi.
  • Uning so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i Marat Hamdamov kompaniya rivojiga katta hissa qo‘shgan bo‘lsa-da, Jasur Azizov tomonidan loyihadan chetlashtirilgan.

«Imarat Development» qurilish kompaniyasi atrofidagi mojaro yanada avj olmoqda. Loyiha egasi Marat Hamdamovning turmush o‘rtog‘i, aktrisa Shahzoda Muhammedova videomurojaat bilan chiqib, kompaniya ta’sischilari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, xorijdagi ko‘chmas mulklar va mablag‘lar taqdiri haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Aktrisa o‘z murojaatida kompaniyaning yana bir ta’sischisi Jasur Azizovni turmush o‘rtog‘i bilan o‘rtadagi kelishmovchiliklar ortida turgan shaxs sifatida tilga oldi. Uning ta’kidlashicha, Marat Hamdamov kompaniya faoliyatida faqat reklama yuzi bo‘lmagan, balki investorlik qilgan, sotuv bo‘limi va qurilish jarayonlarini ham boshqargan.

Shahzoda Muhammedova Jasur Azizovning Germaniya, London, Dubay va Turkiyada ko‘chmas mulklari borligini aytib, uning xorijdagi ishlari bilan band bo‘lganini iddao qildi. Aktrisa esa turmush o‘rtog‘i kompaniya rivoji uchun ko‘p vaqt va kuch sarflaganini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Dubaydagi uy ham Marat Hamdamov yoki uning nomiga rasmiylashtirilmagan. Aktrisa bu mulk Jasur Azizov nomida ekanini, bu esa ta’sischilar o‘rtasidagi kelishuv bilan bog‘liq bo‘lganini aytdi.

Shuningdek, Shahzoda Muhammedova o‘zi va turmush o‘rtog‘iga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan firibgarlik haqidagi ayblovlarni rad etdi. U o‘zining avvaldan ta’minlangan oilada voyaga yetganini, turmush qurguniga qadar ham ko‘plab mamlakatlarda bo‘lganini ta’kidladi. Hatto ayrim paytlarda turmush o‘rtog‘iga moliyaviy yordam ko‘rsatganini ham ma’lum qildi.

Aktrisa murojaatida Jasur Azizovning uchta davlat fuqaroligiga ega ekani va yaqinda Londonda turmush o‘rtog‘i nomiga 12 million dollarlik ko‘chmas mulk xarid qilganini ham da’vo qildi. Shuningdek, uning avvalgi hamkorlari bilan ham shunga o‘xshash kelishmovchiliklar bo‘lganini aytdi.

Shahzoda Muhammedovaning bildirishicha, Marat Hamdamov unga ushbu mojaroga oid turli dalil va materiallarni qoldirgan. Uning aytishicha, Jasur Azizov bosh hisobchi Hilola va boshqa shaxslar bilan birgalikda kompaniya mablag‘larini qarindoshlarining hisob raqamlariga o‘tkazgan. Aktrisa bu holatlar bo‘yicha materiallar davlat idoralariga topshirilganini bildirdi.

Murojaatda kompaniya nomi o‘zgartirilgani masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Shahzoda Muhammedova Jasur Azizov Marat Hamdamovning roziligisiz kompaniya nomini o‘zgartirganini iddao qildi. Uning fikricha, bu orqali Hamdamovni loyihadan chetlashtirish va kompaniya nazoratini o‘z qo‘liga olish rejalashtirilgan.

Aktrisa, shuningdek, Jasur Azizov Dubaydan Germaniyaga uchib ketayotganida Interpol orqali ushlanganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, hozirda mazkur shaxs tergov jarayonida ishtirok etmoqda.

Shahzoda Muhammedova xalqdan ham uzr so‘rab, uy-joy kutayotgan fuqarolarning qiyin ahvolini yaxshi tushunishini bildirdi. Uning aytishicha, o‘zi ham kompaniyaning ishonch belgisi va yuzi bo‘lgani uchun jamoatchilik tanqidiga uchragan.

Aktrisa Marat Hamdamov davlatdan ortiqcha mablag‘ olmaganini ta’kidlab, bu gaplarini Qur’on ushlab qasam ichishga ham tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, Jasur Azizovning xalq oldidagi majburiyatlarni bajarish uchun yetarli mol-mulki va imkoniyati borligini aytdi.

Hozircha Shahzoda Muhammedovaning bildirgan da’volariga Jasur Azizov tomonidan munosabat bildirilgani haqida ma’lumot yo‘q. Mazkur bayonotlarda keltirilgan holatlar tergov davomida tekshirilishi va ularga huquqiy baho berilishi kerak.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar