date
views 43

Sevara Nazarxonning Humo Arena'dagi konserti qanday o‘tyapti?

Sevara Nazarxonning Humo Arena'dagi konserti qanday o‘tyapti?
O‘rta Osiyoning eng mashhur xonandalaridan biri Sevara Nazarxon “Humo Arena” saroyida navbatdagi yakkaxon uch kunlik konsert dasturini taqdim etyapti. “Ruh” deb nomlangan jonli ijrodagi kechada qanday yangiliklar bo‘ldi? “Daryo” muxbiri konsertning ilk kunidan reportaj tayyorladi.

Sevara Nazarxon “Humo Arena” qoq markaziga o‘rnatilgan yumaloq sahnaga muxlislari bilan salomlashib chiqib keldi. O‘zgacha uslubda, tabiatga monand qilib bezatilgan sahnada jonli orkestr xonanda bilan baravariga ijod qildi.

— “Humo Arena” xuddi uyimdek bo‘lib qolgan. 2019 yilda ham to‘rt kunlik konsert berganman. Unda sahna chetda edi, bu safar 360 darajali sahna qildik. Chunki o‘rtadagi sahna hammaga yaqin bo‘ladi, odamlarning ko‘zini ko‘rib turaman. Chunki ko‘zda magnit bor. Men sizlarning ko‘zingizni qidirdim va topdim. Barcha hissiyotlar ko‘z orqali qalb, ruhga yetib boradi. Shu sababli ham konsertimning nomi “Ruh”. Ichimizda bizga kuch beradigan narsa bu ruh. Oddiy va juda ham ma’noli nom, deydi xonandaning o‘zi.

Sevara Nazarxon boshqa san’atkorlar kabi har bir blokdan so‘ng, parda ortiga o‘tib ketib, uzoq vaqt davomida boshqa obraziga tayyorlanmadi. U sahnaning o‘zida birgina stilist yordamida boshqa libosda ko‘rinish berdi. Bu jarayon tez va osonlik bilan kechdi.

— Menimcha bu hammaga ma’qul bo‘ldi. Chunki sahnadan ketib, muxlislarni zeriktirish kerakmas. Bizda esa hammasi oddiy — tez-tez kiyim almashtirdim va oddiygina akkessuarlardan foydalandim, shu xolos. Ortiqchasi menga xalal beradi, dedi Nazarxon.

Konsertning kulminatsion nuqtasi Shohruh reper bilan kuylangan duet hamda “Ulug‘imsan, Vatanim” taronasi bo‘ldi. Shu singari “Meni sev”, “Ko‘rgim kelar”, “Yur, muhabbat” qo‘shiqlarini ham deyarli muxlislarning o‘zi kuyladi. Xonanda ora-orada ularga jo‘r bo‘lib turdi, xolos.

2019 yilda taqdim etilgan konsertda Sevara Nazarxon marhum hofiz Sherali Jo‘rayev bilan duet kuylagan edi. Xonanda bu yil “Ovoz”, “X-Faktor” loyihalari g‘oliblari bilan birgalikda kuyladi. Xo‘sh, bu taklif kimdan chiqqan?

— Men o‘zim ularni chaqirdim, taklif ham o‘zimdan chiqdi. “Humo”dagi konsert bitta g‘oya edi, bundan keyin ham yana yangi ideyalar tayyor turibdi. Asta-sekin taqdim etamiz.

Men ularni shogird deb bilmayman, ular menga juda yaqin yurak! Men ham ulardan nimadir o‘rganaman. Bugungi chiqishlar oramizdagi o‘zaro tajriba, kollaboratsiya bo‘ldi. Yugurmadik, shoshmadik, ularga hammasini ko‘rsatdim, bari garmoniyaga boy bo‘ldi. Ularga 360 darajali sahna oson emas, ammo menga kichiklik qildi, deydi xonanda.

Nazarxon konsert davomida bir necha tryuklarni amalga oshirdi, noodatiy qo‘shiqlariga moslab raqsga tushdi. Yevropa stilida kiyingan raqqoslar hamrohligida u sahnada “uchdi”, muxlislarini ham o‘zi bilan parvoz ettirdi. “Ruh” konserti haqiqatan sokin, ammo energiyaga boy bo‘ldi.

— Rostini aytaman, raqslarni o‘rganish uchun bir hafta tayyorlandim. Men sinxron raqsga “kasalman”. Bilaman, qaysidir harakatlar u qadar o‘xshamagan bo‘lsa-da, chiqardik. Atrofimdagi yigit-qizlar men uchun ikki oy harakat qildi. Konsertda barcha narsa harakat, reja va mehr bilan bo‘ldi. Mehrga boy atmosferada ishladim, dedi u.

Konsert shu darajada o‘tishini kutganmidingiz degan savolga Nazarxon shunday javob berdi:
— 50 yoshdan keyin kutish so‘zini ishlamayman, men hech nimani kutmayman. Shunday bo‘lganiga behisob shukr.

“Meni sev” qo‘shig‘i trio tarzida kuylandi: Sevara, “Ovoz” loyihasidagi kichik Sevara va Nazarxonning jiyani.

12 ming muxlisni sig‘dira oladigan “Humo Arena” saroyi Nazarxonning haqiqiy muxlislari bilan to‘ldi. Ko‘z yoshlar to‘kildi, qalbdan chiqqan qo‘shiqlar qalblarga yetib bordi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sevara Nazarxonning Humo Arena'dagi konserti qanday o‘tyapti?