Gollivudda katta shov-shuv yaratadigan navbatdagi loyiha haqida ma’lumot tarqaldi. Mashhur aktrisa Anjelina Joli va 2005 yilda butun dunyo e’tiborini qozongan “Janob Smit va Smit xonim” filmining rejissyori Dag Layman oradan yigirma yilga yaqin vaqt o‘tib yana bir maydonda birlashmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Joli bosh rolda suratga tushadigan yangi film “The Initiative” (“Tashabbus”) deb nomlanadi. Universal Pictures studiyasi loyiha huquqlarini sotib olish jarayonining yakuniy bosqichiga kirgan. Kartina “josuslik olamidagi bir kun” shiori bilan e’lon qilinmoqda. Bu esa 2001 yilda Denzel Vashington va Itan Xouk ishtirokida suratga olingan mashhur kriminal dramaga ishora sifatida baholanmoqda.
Film markazida Breyt ismli aqlli va jozibali josus ayol turadi. Anjelina Joli ijro etuvchi bu qahramon o‘z uslubida harakat qilib, qoidalarni buzishi bilan ajralib turadi. Uning elita josuslar guruhiga Charli nomli yangi a’zo qo‘shilgandan so‘ng voqealar shiddat bilan o‘zgarib, ular xavfli o‘yin markaziga tushib qoladi.
Ssenariy muallifi sifatida “Uchta X: Jahon hukmronligi” va “Avtobaan” filmlari bilan tanilgan F. Skott Freyzer ish olib bormoqda. Prodyuserlikni esa Gollivudda yaxshi nom qozongan Jo Rot va Jeff Kirshenbaum o‘z zimmasiga olgan. Ular joriy yil boshida Netflix uchun “Ma'buda va ajdaho” filmi hamda “Sendan boshqa hammasi” romantik komediyasini ham ishlab chiqqan edi.
49 yoshli Anjelina Joli uchun “Tashabbus” — jangarilik triller janriga yana bir marotaba yirik qaytish deb baholanmoqda. Syujet, qahramonlar va filmning dinamik yo‘nalishi uning kinokaryerasida navbatdagi muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kartinani suratga olish ishlari 2026 yilning birinchi choragida boshlanishi kutilmoqda. Charli obrazini qaysi aktyor ijro etishi esa hozircha oshkor etilmagan va sir saqlanmoqda. Bu esa film atrofidagi qiziqishni yanada kuchaytirmoqda.
Joli ijrosidagi yangi josus qiyofasi Gollivud sahnasini yana bir marta titratishi va uning ijodiy merosida yangi sahifa ochishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!