Venetsiya xalqaro kinofestivalida namoyish etilgan “Hind Rajabning ovozi” filmi tomoshabinlarni qattiq to‘lqinlantirdi. Falastinlik besh yoshli qizaloq Hind Rajab taqdiri haqidagi drama premerasi 23 daqiqadan ziyod davom etgan qo‘l sochib olqishlar bilan kutib olindi. Ko‘pchilik tomoshabinlar ko‘z yoshlarini yashira olmadi. Bu haqda The Jerusalem Post xabar qildi.
Film o‘tgan yil G‘azoda yuz bergan fojiali voqea – isroillik harbiylar tomonidan qarindoshlari o‘ldirilgan mashinada yolg‘iz qolib ketgan besh yoshli qizaloqning soatlab davom etgan qo‘rquvli daqiqalarini tasvirlaydi. U Qizil Yarim Oy xodimlari bilan telefon orqali yordam so‘rab murojaat qilgan, “Iltimos, oldimga kelinglar, men juda qo‘rqyapman”, deb yig‘lagan. Shu paytda atrofda o‘q ovozlari yangragan.
Ta’sirli hujjatli film Falastin Qizil Yarim Oyining haqiqiy audioyazuvlari va guvohlar ko‘rsatmalari asosida ishlangan. Uch soatdan so‘nggina tez yordamga yo‘l ochilgan, ammo yordam mashinasi yetib kelganida qizaloq bilan aloqa uzilgan. Bir necha kundan keyin esa uning jasadi qarindoshlari bilan birga topilgan. Uni qutqarishga harakat qilgan, ammo o‘qqa tutilgan tez yordam mashinasidagi ikki xodim ham halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Film muallifi Kauter Ben Xoniya jurnalistlarga:
“Ko‘pincha dunyo OAV G‘azoda halok bo‘layotganlarni “tasodifiy qurbonlar” sifatida ko‘rsatadi. Bu esa insoniylikdan mahrum qiluvchi yondashuv. Shuning uchun ham san’at va kino ularga ovoz berish, yuz berish uchun muhim vosita hisoblanadi”, — dedi.
Hind Rajabning onasi Vissam Hamada esa film urushni to‘xtatishga xizmat qiladi degan umidini bildirdi. “Butun dunyo bizga qarab turdi, biz esa o‘lim, ochlik va qo‘rquv ichida qoldik. Hech kim yordam qo‘lini cho‘zmadi”, — deya alamli gaplarini aytib o‘tdi u.
Shu bilan birga, Forensic Architecture va Earshot kabi nodavlat tekshiruv guruhlari, shuningdek BMT ham hodisani o‘rganib, qizaloq o‘tirgan mashina Isroil harbiylariga tegishli quroldan yaqin masofadan o‘qqa tutilganini tasdiqladi. Isroil armiyasi esa aybni tan olishdan bosh tortmoqda va hanuzcha rasmiy izoh berishdan qochmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, film nafaqat falastinlik qizaloqning ovozini butun dunyoga yetkazdi, balki G‘azodagi holatlarni yana bir bor xalqaro hamjamiyat e’tiboriga qaratdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!