Bahodir Jalolovning g‘alabali yo‘liga bag‘ishlangan film taqdim etiladi

3 aprel kuni soat 18:00 da poytaxtdagi Milliy kino san’ati saroyida mashhur o‘zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolov hayoti va sportdagi yorqin faoliyatiga bag‘ishlangan “Yengilmas — Tokioga yo‘l” nomli badiiy filmning tantanali premyerasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur kartina sport muxlislari va kino ixlosmandlari uchun alohida qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda. Filmda Bahodir Jalolovning ringdagi mashaqqatli yo‘li, katta musobaqalarga tayyorgarlik jarayoni, yutuqlari hamda ulkan maqsadlar sari qat’iyat bilan intilishi keng yoritilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Bahodir Jalolov o‘zbekistonlik eng taniqli bokschilardan biri hisoblanadi. U ikki karra jahon chempioni va ikki karra Olimpiada o‘yinlari g‘olibi sifatida sport tarixida o‘z nomini muhrlab qo‘ygan. Bundan tashqari, u bir necha bor Osiyo chempionatlarida ham chempionlikni qo‘lga kiritib, yurtimiz sporti nufuzini xalqaro maydonda yuksaltirib kelmoqda.
Filmda sportchining oddiy bosqichlardan boshlanib, dunyo miqyosidagi yutuqlarga erishgan yo‘li, sabr-toqat, mehnat va kuchli iroda orqali qanday natijalarga erishgani tasvirlanadi. Mutaxassislar fikricha, ushbu film nafaqat sportchilar, balki yosh avlod uchun ham ilhom manbai bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!