Halima Ibragimova merosi, eri va mish-mishlar haqiqati ochiqlandi

Marhum komik aktrisa Halima Ibragimovaning vafotiga bir yarim yil toʻldi. Shu munosabat bilan uning opasi Umida Hojimuhammedova singlisi haqida xotiralarini oʻrtoqlashib, uning oilasi, merosi va oʻlimidan keyin tarqalgan turli gap-soʻzlarga oydinlik kiritdi.
Opasining aytishicha, Halima oilasi bilan ota hovlisida yashagan va bu uy hozirda uning farzandlariga qolgan. Bugungi kunda ham kuyov va bolalar shu yerda yashab kelmoqda. Oila aʼzolari ularni hech qachon hovlidan chiqarish haqida oʻylamaganini taʼkidlashdi. Kuyovning qayta uylanishi masalasiga kelsak, yaqinlari bu qarorga qarshi emas. Faqatgina bu hovlida emas, boshqa joyda amalga oshirishni maʼqul koʻrishgan. Ammo kuyov hozircha bu haqda oʻylamayotganini, avvalo farzandlarini oyoqqa turgʻazishni istashini bildirgan.

Suhbat davomida bolalar haqida ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Aytilishicha, Halima farzandlarini yoshligidan mustaqillikka oʻrgatgan. Qizi hatto kichik yoshidan uy-roʻzgʻor ishlariga yordam bera boshlagan. Shu boisdan, yaqinlarining fikricha, bolalar boshqa ayolni qabul qilishi oson kechmasligi mumkin.
Meros masalasi ham jamoatchilik orasida koʻp muhokama qilingan mavzulardan biri boʻldi. Ayrimlar aktrisaning tillalari boʻlishib olingani haqida gap tarqatgan. Biroq opasi bu iddaolarni qatʼiy rad etdi. Uning soʻzlariga koʻra, Halima tirikligidayoq taqinchoqlarini farzandlari uchun ajratib qoʻygan va hozirda ularning barchasi kuyovida saqlanmoqda. Hatto yaqinlari esdalik sifatida ham hech narsa olmaganini taʼkidladi.

Shuningdek, aktrisaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi bilan bogʻliq mish-mishlar ham izohlab oʻtildi. Maʼlum qilinishicha, uning Instagram akkaunti maʼlum vaqt yaqinlari tomonidan yuritilgan. Biroq platformaning qoidalari tufayli sahifa bir necha bor bloklangan va oxir-oqibat butunlay oʻchib ketgan. Opasining aytishicha, uni sotish haqidagi gaplar asossiz.
Suhbatning eng taʼsirli qismi esa Halima bilan bogʻliq mo‘jizaviy voqea haqida boʻldi. Uning aytishicha, singlisi hayotligida umra safariga borishni orzu qilgan, hatto opa-singillar birgalikda borishni rejalashtirgan. Ammo bu niyat amalga oshmay qolgan. Shunga qaramasdan, vafotidan soʻng uning yaqinlari kutilmagan holatga duch kelgan. Aytilishicha, bir kishi Makkada uni koʻrganini aytgan va bu holat oila aʼzolari tomonidan ilohiy ishora sifatida qabul qilingan.
Opasining taʼkidlashicha, vaqt oʻtganiga qaramay, Halima Ibragimovaning xotirasi yaqinlari va muxlislari qalbida yashab kelmoqda. Uning ijodi, samimiyligi va inson sifatidagi fazilatlari uni tanib-bilganlar xotirasida abadiy saqlanib qolishi shubhasiz.