Aysanem Yusupova: “Men juda ham uy qiziman” (video)

Aysanem Yusupova: “Men juda ham uy qiziman” (video)

Aktrisa Aysanem Yusupova “Omon-omon” ko‘rsatuvida sahnadan va suratga olish jarayonlaridan tashqaridagi hayoti haqida gapirdi. U bo‘sh vaqtlarini asosan uyda, oilasi davrasida o‘tkazishini ma’lum qildi.

Ko‘rsatuv davomida aktrisaga uning doimo pardozlangan, chiroyli va obrazli ko‘rinishda yurishi, shuningdek, aktyorlik mahorati va ijodiy qobiliyati haqida aytib, “Oddiy Aysanem uyga kelib, baland poshnalarini yechgach, nimalar bilan shug‘ullanadi?” deya savol berildi.

Aysanem Yusupova o‘zini “uy qizi” deb atab, suratga olish ishlari tugashi bilan imkon qadar tezroq uyiga shoshilishini aytdi.

“Uyda o‘tiraman. Men juda ham uy qiziman desam, to‘g‘ri bo‘ladi. Suratga olish jarayonlaridan bo‘shasam va boshqa ishim bo‘lmasa, uyga shoshilaman. Oilam davrasida, ayniqsa, onam bilan suhbatlashamiz, birga choy tayyorlaymiz”, — dedi aktrisa.

Aktrisa ovqat pishirishni ham yaxshi ko‘rishini ta’kidladi. Uning aytishicha, oshxonada vaqt o‘tkazib, turli taomlar tayyorlash unga zavq bag‘ishlaydi. Biroq oshxonani keyinchalik singlisi yig‘ishtirib berar ekan.

“Ko‘p vaqtimni uyda o‘tkazishni yaxshi ko‘raman. Sevimli filmlarimni tomosha qilaman. Uyda kitoblarimni taxlab qo‘yganman, ularni birma-bir o‘qiyman”, — deya qo‘shimcha qildi Aysanem Yusupova.

Aktrisa bo‘sh vaqtlarida ot minishga ham borishini aytdi. Bu yo‘nalishda uning o‘z ustozi bor. Aysanemning ta’kidlashicha, ot minish bilan faol shug‘ullana boshlaganiga qariyb bir yil bo‘lgan, biroq bundan avval ham ushbu mashg‘ulot bilan shug‘ullangan.

Bundan tashqari, aktrisa uy sharoitida sochlariga turli muolajalar qilishini ham ma’lum qildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar