Dunyoda urushlar soni rekord darajaga yetdi

Dunyoda urushlar soni rekord darajaga yetdi

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 60 dan ortiq qurolli mojaro davom etmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk Jenevada Inson huquqlari kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqib, qurolli nizolar sonining ko‘payishi va xalqaro huquq tamoyillarining zaiflashayotganidan xavotir bildirdi.

Tyurk nutqida sun’iy intellektning harbiy sohada qo‘llanilishiga ham alohida to‘xtaldi. Uning qayd etishicha, inson ishtirokisiz odam hayotiga qasd qilish to‘g‘risida qaror qabul qila oladigan qurol tizimlarini yaratishda sun’iy intellektdan foydalanish jiddiy xavf tug‘diradi.

Oliy komissar sun’iy intellekt ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirib, texnologiya nazoratsiz rivojlansa, insoniyat uchun katta, hatto ekzistensial tahdidga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.

U kelajakda ayrim sun’iy intellekt tizimlari shu darajada rivojlanishi mumkinki, hatto ularni yaratgan mutaxassislarning o‘zi ham ularni to‘liq nazorat qila olmay qolishidan ogohlantirdi.

Tyurk davlatlarni sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi va tarqalishiga aniq chegaralar belgilashga chaqirdi. Buning uchun texnologiya joylashgan hududlar hamda uning ta’minot zanjirida qatnashayotgan mamlakatlar bilan hamkorlik qilish zarurligini bildirdi.

Shuningdek, u sun’iy intellekt xavfsizligi va insonlarni himoya qilishga qaratilgan qat’iy kafolatlarni kech bo‘lmasidan ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar