20:46 / 08.01.2025
99

Davlat sirlari toʻgʻrisida qonun qabul qilindi

Davlat sirlari toʻgʻrisida qonun qabul qilindi
Oʻzbekiston prezidenti 2024 yil 27 dekabr kuni «Davlat sirlari toʻgʻrisida»gi qonunni imzoladi. Qonun imzolanganidan 3 oy oʻtgach, 2025 yil 29 martdan qonuniy kuchga kiradi.

Hujjatda davlat sirlari bilan bogʻliq asosiy tushunchalarga quyidagicha ta'rif berilgan:
  • davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sir ‒ oshkor etilishi Oʻzbekistonning mudofaa qobiliyatiga, davlat xavfsizligiga, iqtisodiy va siyosiy manfaatlariga salbiy ta'sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan ma'lumotlar;
  • davlat sirlari ‒ oshkor etilishi Oʻzbekistonning xavfsizligiga zarar etkazishi mumkin boʻlgan davlat ahamiyatiga ega sirni va (yoki) xizmat sirini tashkil etadigan, davlat tomonidan himoya qilinadigan va maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan ma'lumotlar roʻyxatiga kiritilgan ma'lumotlar;
  • xizmat siri — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar faoliyatining har qanday sohasiga, shu jumladan harbiy, iqtisodiy, siyosiy, ilmiy-texnik, ishlab chiqarish, razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatiga taalluqli boʻlgan, oshkor etilishi ushbu tashkilotlarning manfaatlariga zarar etkazishi mumkin boʻlgan ma'lumotlar. Xizmat siri davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sirning tarkibiy qismi boʻlishi mumkin.

Davlat sirlari sohasidagi yagona davlat siyosati Oʻzbekiston prezidenti tomonidan belgilanadi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi davlat sirlari sohasidagi normativ-hujjatlarni ishlab chiqish, tartib-qoidalarni belgilash kabi vakolatlari bor. Hukumat, shuningdek, davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning davlat sirlarini chet davlatlarga, xalqaro tashkilotlarga yoki yuridik shaxslarga berishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosalarini koʻrib chiqadi va qaror qabul qiladi.

Qonunga koʻra, Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati davlat sirlari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir. Qonunni ham DXX ishlab chiqqan. Maxsus vakolatli davlat organi davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish uchun boshqa tashkilotlarga ruxsat beradi, bu tashkilotlarning sohadagi faoliyati, maxfiylik rejimi ustidan nazorat qiladi. DXX davlat sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini oladi, ularni aniqlaydi, fosh etadi va tergov qiladi.

Davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan ma'lumotlar 4 ta sohaga boʻlinadi:
  • harbiy sohadagi davlat sirlari;
  • tashqi siyosat va tashqi iqtisodiyot sohasidagi davlat sirlari;
  • razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyati va davlat xavfsizligiga doir davlat sirlari;
  • iqtisodiyot, ta'lim, fan va texnika sohasidagi davlat sirlari.

Harbiy sohadagi davlat sirlari keng qamrovli boʻlib, bular jumlasiga 20 xil turdagi ma'lumotlar kiritilgan. Xususan, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining soni, strategik yoyilishi, jangovar ta'minoti va tarkibi, qurol-yarogʻ, harbiy texnikalar va ularning holati, yoqilgʻi, aloqa tarmogʻidan tortib davlat mudofaa buyurtmasi, ob'ektlari va mudofaa uchun ajratilgan xarajatlarga doir barcha ma'lumotlar davlat sirlari hisoblanadi.

Hujjatda keltirilgan tashqi siyosatga oid va tashqi iqtisodiy sohadagi davlat sirlari toifasi ham juda keng olingan – 6 turdagi ma'lumotlar. Xususan, barvaqt tarqatilishi Oʻzbekiston manfaatlariga zarar etkazishi mumkin boʻlgan, tashqi siyosat strategiyasi va taktikasiga doir ma'lumotlar davlat siri hisoblanadi. Bundan tashqari, xalqaro diplomatik muzokaralar ma'lumotlari – manbaning aniqlanishiga olib kelsa yoki taraflardan biri uchun diplomatik murakkabliklarga sabab boʻlishi mumkin boʻlsa, bunday ma'lumotlar davlat siri hisoblanadi.

Oʻzbekistonning xavfsizligiga, siyosiy va boshqa manfaatlariga zarar etkazishi mumkin boʻlgan xalqaro shartnomalar haqidagi, qurol-yarogʻ va harbiy aslaha eksporti va importiga doir ma'lumotlar, chet davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan Oʻzbekistonning alohida davrdagi iqtisodiy hamkorligi hajmi hamda mazmunini fosh etuvchi ma'lumotlar ham maxfiylashtirilmoqda.

Razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyati va davlat xavfsizligiga taalluqli davlat sirlari 9 turga boʻlingan. Ular qatoriga ushbu tashkilotlarning kuch-vositalari, rejalari, kadrlar tarkibi, ular bilan hamkorlik qilayotgan shaxslar haqida ma'lumotlar, davlat organlarining himoyalangan aloqa tarmoqlari, kriptografik himoya vositalarining kalitli hujjatlari, Oʻzbekiston suverenitetiga qarshi jinoyatlarning tergoviga doir ayrim ma'lumotlar kiritilgan.

Davlat tomonidan qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligini ta'minlashga doir ma'lumotlar ham maxfiylashtirilgan.

Iqtisodiyot, ta'lim, fan va texnika sohasidagi davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan ma'lumotlar eng keng qamrovli boʻlib, jami 25 turga boʻlingan. Bular qatorida Oʻzbekiston iqtisodiyotining urush davrida barqaror ishlashiga tayyorgarlik koʻrsatkichlari, ayrim turdagi nodir metallarni ishlab chiqarish haqidagi ma'lumotlar, er qa'ridagi resurslar haqidagi ma'lumotlar, davlat hujjatlarini qalbakilashtirishdan himoyalash usullariga doir ma'lumotlar, fuqaro muhofazasi kuch-vositalariga doir ma'lumotlar va boshqalar kiradi.

Qonun bilan davlat sirlarini tashkil etuvchi ma'lumotlar maxfiyligi 3 darajaga boʻlinib, mazkur ma'lumotlarni tashuvchilar uchun maxfiylik griflari belgilandi:
  • Maxfiylikning 1-darajasi: «Alohida ahamiyatli»
  • Maxfiylikning 2-darajasi: «Mutlaqo maxfiy»
  • Maxfiylikning 3-darajasi: «Maxfiy»

Bunda:
  • davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarga «Alohida ahamiyatli» yoki «Mutlaqo maxfiy» griflaridan biri beriladi;
  • xizmat sirini tashkil etuvchi ma'lumotlarga «Mutlaqo maxfiy» yoki «Maxfiy» griflaridan biri berilishi mumkin;
  • davlat sirlari jumlasiga kiritilmagan ma'lumotlar uchun yuqorida koʻrsatilgan maxfiylik griflaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ma'lumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan paytdan e'tiboran tegishli ma'lumotlar maxfiylashtirilgan hisoblanadi. Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma'lumotlarni maxfiylashtirish muddati:
  • davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sir uchun — 30 yildan;
  • xizmat siri uchun — 10 yildan oshmasligi kerak.

Alohida hollarda, davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sirni maxfiylashtirish muddati uzaytirilishi mumkin. Mazkur hollarda tegishli ekspertlar komissiyasining xulosasi talab etiladi.

Hujjatga koʻra, quyidagi ma'lumotlar maxfiylashtirilmaydi:
  • favqulodda vaziyatlar hamda fuqarolarning hayotiga, sogʻligʻiga va xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa hollar va ularning oqibatlari, tabiiy ofatlar, ularning rasmiy prognozlari ma'lumotlari;
  • ekologiyaning, sogʻliqni saqlashning, sanitariya, demografiya va boshqa ijtimoiy xizmatlarga doir ma'lumotlar;
  • jinoyatchilik holati toʻgʻrisidagi ma'lumotlar;
  • Oʻzbekistonning makroiqtisodiy koʻrsatkichlari, byudjet parametrlari;
  • inson huquq va erkinliklarining buzilishiga oid ma'lumotlar;
  • davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qonunchilikning buzilishlari haqidagi ma'lumotlar;
  • foydalanilishi, tarqatilishi va taqdim etilishi qonun bilan cheklanmagan boshqa ma'lumotlar.

Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari jismoniy shaxslarning yoki tashkilotlarning mulkida boʻlgan ma'lumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylashtirishi mumkin. Ushbu mulklar shartnoma-kelishuv asosida yoki sud qarori bilan majburiy olib qoʻyiladi. Ikkala holatda ham mulkdorga kompensatsiya toʻlanadi.

Oʻzbekiston fuqarolariga, chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma – maxsus vakolatli davlat organi, ya'ni DXX tomonidan beriladi. Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma 18 yoshga toʻlgan, ayrim hollarda 16 yoshga toʻlgan shaxslarga rasmiylashtiriladi.

Davlat sirlaridan foydalanishga ruxsat berilayotgan shaxs – ularni oshkor etmaslik toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi oldida yozma majburiyat qabul qilishi, oʻzining ayrim huquqlari cheklanishiga rozilik berishi, DXX tomonidan oʻziga nisbatan tekshiruv oʻtkazilishiga yozma rozilik berishi, qonun talabini buzganlik uchun javobgarlik bilan tanishishi shart.

Quyidagi mansabdor shaxslarga saylangan yoki tayinlangan kunidan e'tiboran vakolat muddati tugaguniga qadar davlat sirlaridan foydalanish uchun tekshiruv tadbirlari oʻtkazilmasdan ruxsatnoma rasmiylashtiriladi:

- prezident;
- bosh vazir;
- Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar;
- sudyalar;
- Oliy Majlis palatalari tomonidan saylangan yoki tayinlangan shaxslar;
- Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlari;
- Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari;
- Prezident tomonidan lavozimga tayinlangan shaxslar.

Qasddan sodir etilgan jinoyati uchun sudlanganlik tugallanmagani, muomalaga layoqatsizlik, Oʻzbekiston xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlari (DXX belgilaydi) aniqlangani yoki tekshiruv tadbirlaridan boʻyin tovlashi – shaxsga davlat sirlaridan foydalanishi uchun ruxsatnoma bermaslikka asos boʻladi.

Davlat sirlaridan xabardor shaxslarning huquqlari quyidagi holatlarda vaqtincha cheklanishi mumkin:
  • davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma va mehnat shartnomasi amalda boʻlgan muddatda Oʻzbekiston hududidan tashqariga chiqish huquqi (faqat fuqarolar uchun);
  • davlat siri boʻlgan ma'lumotlarni oʻz ichiga olgan kashfiyot-ixtirolardan foydalanish va bunday ma'lumotlarni tarqatish huquqi;
  • ruxsatnomani rasmiylashtirish davrida tekshiruv tadbirlarini oʻtkazish chogʻida shaxsiy hayot daxlsizligiga boʻlgan huquqi cheklanishi mumkin.

Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma muddati yakunlangach ham Oʻzbekiston hududidan tashqariga chiqishga doir cheklov qoladi, bunda:
  • «Alohida ahamiyatli» grifli maxfiy ma'lumotlar uchun — uzogʻi 3 yil;
  • «Mutlaqo maxfiy» grifli maxfiy ma'lumotlar uchun — uzogʻi 2 yil;
  • «Maxfiy» grifli maxfiy ma'lumotlar uchun — koʻpi bilan bir yil.

Oʻzbekiston, shuningdek, chet davlatlarning va xalqaro tashkilotlarning berilgan maxfiy ma'lumotlarini, ularning birgalikdagi faoliyati davomida shakllantirilgan maxfiy ma'lumotlarni qonunchilik va xalqaro shartnomalariga muvofiq himoya qiladi. Davlat sirlarini himoya qilish uchun ajratiladigan byudjet mablagʻlarining sarflanishi ustidan nazorat davlat siridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlsa, nazoratni amalga oshiruvchi shaxslar ham ruxsatnomaga ega boʻlishi kerak.

2025 yil 29 martda – mazkur qonun kuchga kirgan paytdan boshlab 1993 yil 7 mayda qabul qilingan «Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida»gi qonun oʻz kuchini yoʻqotadi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu hujjatning mohiyati, ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirishi lozim. Hukumat 3 oydan 6 oygacha boʻlgan muddatda ushbu qonunda nazarda tutilgan sohadagi yangi tartiblarni ishlab chiqishi kerak.

Ma'lumot uchun, Jinoyat kodeksining 162-moddasida davlat sirlarini oshkor qilganlik uchun 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 163-moddasida esa davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarni yoʻqotganlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Bundan tashqari, jinoyat qonunchiligiga koʻra, davlat sirlari davlatga xoinlik qilish (157-modda) va josuslik (160-modda) harakatlari bilan ochiqlansa, 20 yilgacha ozodlik mahrum qilish bilan jazolanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston