Toshkent shahrida qurilish hujjatlari to‘liq bo‘lmagan 59 ta obyektning faoliyati to‘xtatildi. So‘nggi oylarda ayrim quruvchilar tomonidan amaldagi me’yorlar va qonunchilik talablariga zid ravishda qurilish olib borilishi holatlari ko‘plab aniqlanmoqda.
Shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, ayrim kompaniyalar zarur ruxsatnomalarsiz, ekspertiza xulosalarini olmasdan, texnik va loyiha hujjatlarisiz qurilish boshlagan. Bundan tashqari, ular fuqarolarga hali qonuniy maqomga ega bo‘lmagan obyektlardan xonadonlar sotishni ham boshlagan.
Hokimlik bu kabi holatlar natijasida bir qator yurtdoshlarimiz firibgar qurilish tashkilotlariga ishonib, jamg‘armasini yo‘qotganini va uy-joysiz qolganini ta’kidladi. Shu boisdan, hujjatlari to‘liq bo‘lmagan 59 ta obyekt qurilishi to‘xtatilib, ular elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yilgan.
Tumanlar bo‘yicha bu obyektlar quyidagicha taqsimlangan:
. Olmazor – 5 ta
. Chilonzor – 5 ta
. Mirobod – 8 ta
. Mirzo Ulug‘bek – 7 ta
. Sergeli – 3 ta
. Uchtepa – 2 ta
. Yakkasaroy – 2 ta
. Yangihayot – 17 ta
. Yashnobod – 3 ta
. Yunusobod – 4 ta
. Bektemir – 3 ta
Ayni vaqtda bu obyektlarda tekshiruv va monitoring ishlari davom ettirilmoqda. Hokimlik tomonidan har bir qonunbuzarlik holati yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilishi bildirildi. Shu bilan birga, fuqarolarni ehtiyotkorlikka chaqirib, uy-joy xarid qilishda quyidagilarga e’tibor qaratish so‘ralmoqda:
. Sotib olinayotgan ko‘chmas mulkka oid hujjatlarning asl nusxalarini — kadastr, ekspertiza, texnik dalolatnoma va kengash qarorlarini — talab qilish va tekshirish.
. Pul mablag‘larini naqd yoki norasmiy yo‘llar bilan emas, qonuniy tartibda to‘lash.
. Quruvchi kompaniya hujjatlarni ko‘rsatishga shoshilmasa, Toshkent shahar hokimligining rasmiy botiga murojaat qilish.
Hokimlik, shuningdek, qurilishda aniqlanayotgan har qanday qonunbuzarlik va fuqarolar manfaatlariga zarar yetkazuvchi harakatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini va murosasizlik siyosati yuritilishini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!