O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi kelishuv kuchga kirdi

2025-yil 12-mart kuni Parijda O‘zbekiston Hukumati va Fransiya Hukumati o‘rtasida imzolangan shartnomalar 2025-yil 30-iyuldagi PQ–238-sonli qaror bilan tasdiqlanib, kuchga kirdi. Unga ko‘ra, diplomatik pasport egalari qisqa muddatli safarlarda vizasiz kirish huquqiga ega bo‘ladi. Diplomatik missiya xodimlarining oila a’zolariga O‘zbekistonda yoki Fransiyada haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 30-iyul kuni PQ–238-sonli “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror imzolandi. Mazkur hujjatga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir nechta xalqaro hujjatlar rasman tasdiqlandi.
Qarorga asosan, 2025-yil 12-mart kuni Fransiyaning Parij shahrida O‘zbekiston Hukumati va Fransiya Hukumati o‘rtasida imzolangan quyidagi shartnomalar kuchga kirdi:
Diplomatik pasport egalari uchun vizasiz rejim — Unga ko‘ra, ikki mamlakat diplomatlari qisqa muddatli safarlar davomida vizasiz kirish huquqiga ega bo‘ladi.
Rasmiy vakolatxonalar xodimlarining oila a’zolari uchun mehnat faoliyatiga ruxsat — Bu bitim asosida diplomatik missiya a’zolarining oila a’zolari Fransiyada yoki O‘zbekistonda haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin.
Mazkur shartnomalarni amaliyotga joriy etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mas’ul vakolatli organ etib belgilandi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi va boshqa tegishli vazirlik va idoralar zimmasiga ushbu shartnomalarning ijrosini ta’minlash, ularning amaldagi qo‘llanilishini nazorat qilish vazifasi yuklatildi.
Mazkur kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy va diplomatik aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim qadam hisoblanadi.































Izohlar 0
…