date

Toshkentda issiq suv va isitish uchun to‘lovlar alohida ko‘rsatiladi

Toshkentda issiq suv va isitish uchun to‘lovlar alohida ko‘rsatiladi
Poytaxt aholisi uchun muhim yangilik: endilikda issiq suv va isitish xizmati uchun to‘lovlar ayrim holda hisoblanadi. Bu haqda “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi o‘z rasmiy sayti orqali ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, kompaniyaning shaxsiy kabinet xizmatiga yangi imkoniyat qo‘shildi. Unga asosan, to‘lovlar ikki turda — issiq suv ta’minoti va isitish xizmati uchun alohida ko‘rsatiladi. Bu tartib orqali har bir xizmatga oid hisob-kitobni tushunish osonlashadi hamda iste’molchilar aniq savollari bilan murojaat qilish imkoniga ega bo‘ladilar.

Yangi funksiyadan foydalanish uchun cabinet.veoliaenergy.uz orqali shaxsiy kabinetga kirib, “Hisob-kitoblar” bo‘limida zarur davrni tanlash va “Sharhlash” tugmasini bosish talab etiladi.

Kompaniya tomonidan qayd etilishicha, agar hisob-kitobda noaniqliklar kuzatilsa yoki xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar bo‘lsa, Telegram'dagi maxsus guruhga, [email protected]
elektron pochtasiga yoki tuman issiqlik ta’minoti bo‘limlariga murojaat qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 avgust kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi issiq suv va isitish xizmatlari uchun yangi tariflarni ma’qullagan edi. Unga ko‘ra, aholi uchun chakana tarif 15 foizga oshirilib, QQSsiz 121 617 so‘mdan 139 860 so‘m/Gkalgacha ko‘tarildi.

Shuningdek, yuridik shaxslar uchun tarif 40 foizga o‘sib, 244 497 so‘mdan 342 296 so‘m/Gkalgacha chiqdi. Bazaviy tarif esa 7 foizga oshirilib, 711 641 so‘m/Gkal qilib belgilandi. Budjet tashkilotlari uchun esa o‘sish 18,8 foizni tashkil etdi.

“Veolia Energy Tashkent” bosh direktori Sevara Pardayeva ta’kidlaganidek, poytaxt aholisi hozircha bazaviy tarifning faqat 18 foizini to‘laydi, qolgani esa shahar budjeti hisobidan subsidiya qilinadi. Biroq hukumat 2030 yilgacha bu subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish va to‘lovlarni to‘liq iste’molchilar zimmasiga o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya esa kelgusi 5 yil ichida aholini xizmat haqini to‘liq qoplash darajasiga olib chiqishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda issiq suv va isitish uchun to‘lovlar alohida ko‘rsatiladi