O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning birinchi mudofaa vaziri, general-polkovnik Rustam Ahmedovning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik izhor etdi.
82 yoshida hayotdan ko‘z yumgan Rustam Ahmedov butun umrini harbiy xizmatga bag‘ishlagan, Vatan mudofaasi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan salohiyatli sarkarda sifatida tanilgan.
U harbiy faoliyatini tank vzvodi komandiri sifatida boshlagan, keyinchalik turli rahbarlik lavozimlarida — jumladan, tank diviziyasi siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, kursantlar bataloni komandiri, Toshkent, Samarqand va boshqa oliy harbiy bilim yurtlarida rahbar sifatida faoliyat yuritgan.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng u mamlakatimizda ilk bor mudofaa vaziri lavozimini egallab, milliy armiyani shakllantirishda muhim rol o‘ynadi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi bosh shtabining qayta tuzilishi, harbiy okruglar tizimining yo‘lga qo‘yilishi va qurolli kuchlar boshqaruv tizimini takomillashtirishda beqiyos hissa qo‘shgan.
1997–1998-yillarda Favqulodda vaziyatlar vaziri sifatida ham samarali faoliyat olib bordi. Nafaqaga chiqqanidan so‘ng ham harbiy soha rivoji uchun xizmat qilishda davom etib, Mudofaa vazirining maslahatchisi sifatida islohotlar jarayonida faol qatnashdi.
Prezident matbuot xizmatining ta’kidlashicha, Rustam Ahmedov sobit e’tiqodli, kamtarin va fidoyi inson sifatida doimo hurmatga sazovor bo‘lgan. Uning nomi va xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi.
Uning xizmatlari davlat tomonidan munosib e’tirof etilib, “Shon-sharaf” II darajasi va “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!