Muddati o‘tgan mahsulot sotganlarga jarima miqdori keskin oshiriladi

Muddati o‘tgan mahsulot sotganlarga jarima miqdori keskin oshiriladi

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilmoqda. Senatning yalpi majlisida “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi. Hujjat iste’molchilarni xavfsiz va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashga qaratilgan.

Qonun bilan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning majburiyatlari aniqlashtiriladi. Ular mahsulotlarni doimiy ravishda xavfsiz holda saqlashi va muomalaga chiqarishi talab etiladi.

Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat nazoratini kuchaytirish va uni amalga oshirish tartibini xalqaro talablarga moslashtirish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda gigiyena, ishlab chiqarish, chorvachilik hamda qishloq xo‘jaligi amaliyoti kabi tushunchalarni qonunchilikka kiritish ham nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, kelib chiqishi hayvonotga mansub va xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarga nisbatan qo‘yiladigan talablar vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Yangi qoidalar oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz ishlab chiqarish va sotish ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Senat ma’lumotiga ko‘ra, qonun aholining xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan huquqini ta’minlash, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va sohaning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirishga qaratilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar