
Prezident farmoniga binoan, O‘zbekistonda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tarkibida yangi maxsus tuzilma — Ekopolitsiya tashkil etilmoqda. Bu inspektorlik tizimi ekologik qonunbuzarliklarni aniqlash, oldini olish va qat’iy tartib o‘rnatish maqsadida keng vakolatlarga ega bo‘ladi.
Yangi tuzilma — Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tarkibiga prokuraturadan 40 ta shtat birligi o‘tkaziladi. Bu xodimlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ekologik nazorat bo‘yicha faoliyat yuritgan bo‘linmalar asosida shakllantiriladi. Bundan tashqari, tabiatni muhofaza qilishga ixtisoslashgan prokuratura bo‘linmalari ham Ekopolitsiyaga integratsiya qilinadi.
Ekopolitsiya xodimlariga kuch ishlatish, elektroshok vositalari va rezina o‘qli qurollardan foydalanish huquqi beriladi. Ularning maxsus kiyimiga bodi-kameralar o‘rnatiladi. Qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar, kuch va maxsus vositalarni qo‘llashda “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonundagi normalar amal qiladi.
Ekopolitsiya rahbari — Ekologiya qo‘mitasi raisi bo‘lib qoladi. Uning o‘rinbosari esa Ekopolitsiya tezkor shtabini boshqaradi. Yangi tizim ekologik hududlarga asoslangan tarzda, ma’muriy chegaralardan qat’i nazar, joylashtirilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.