Toshkentda qurilish maydonlari endi majburiy tekshiruvdan o‘tkaziladi

“Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, qurilish uchun ajratilgan maydonlar majburiy tartibda kompleks tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Xususan, Toshkent shahridagi 500 kv.m va undan ortiq maydonlarda quyidagi talablar bo‘yicha baholash o‘tkaziladi: maydonning kamida 25 foizi ko‘kalamzor bo‘lishi, suv purkagichlar o‘rnatilishi, kirish-chiqish yo‘laklarida avtomobillar g‘ildiragini yuvish hovuzlari qurilgan bo‘lishi.
Bundan tashqari, qurilish va chiqindilarni tashish vaqtida transport vositalari brezent yoki PVX qoplama bilan yopilishi shart etib belgilandi.
Maydoni 1 000 kv.m dan katta bo‘lgan qurilish uchastkalarida fon monitoring stansiyalari o‘rnatilishi va ular Ekologiya qo‘mitasiga integratsiya qilinishi – qurilishni davom ettirish uchun asosiy talab bo‘ladi.
Shuningdek, jismoniy shaxslar o‘z yerida daraxt va butalarni sug‘orish uchun ichimlik suvini ishlatish vaqtiga belgilangan cheklov – bahor va yoz fasllarida (00:00 dan 05:00 gacha) bekor qilinadi.
Bunda ichimlik suvining boshqa maqsadlarda ishlatilishi bo‘yicha amaldagi cheklov saqlanib qoladi. Ko‘p kvartirali uylarda sug‘orish uchun alohida suv rezervuarlari o‘rnatilishi nazarda tutiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!