date

O‘zbekiston va Saudiya konsullik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston va Saudiya konsullik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi

2025 yil 23 dekabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni o‘rtasida konsullik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olim Abdullayev rahbarlik qildi. Saudiya tomonidan esa tashqi ishlar vazirining konsullik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ihab bin Muhammad Al-Najjar ishtirok etdi.

Bu ikki davlat o‘rtasidagi konsullik maslahatlashuvlarining ilk davrasi sifatida tarixga kirdi. Muzokaralar jarayonida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ushlab turish, vaqtincha saqlash yoki deportatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan holatlarda tomonlarning o‘zaro tezkor xabardor etish mexanizmlarini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, fuqarolarning hujjatlarini o‘zaro tan olish, apostil tizimini joriy etish hamda migratsiya va konsullik xizmatlarini raqamlashtirish yo‘nalishlarida tajriba almashish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Bu esa ikki davlat fuqarolari uchun ma’muriy jarayonlarni yengillashtirishga xizmat qiladi.

Muhim yangiliklardan yana biri — Saudiya Arabistonida xorijiy fuqarolar uchun ishlab chiqilayotgan yangi raqamli platformani O‘zbekiston amaliyotida ham tatbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishilganidir. Ushbu tizim orqali xorijda bo‘lgan fuqarolarning muammolari oldindan aniqlanib, ularni tez va samarali hal etish imkoniyati yaratiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar konsullik maslahatlashuvlarining ikkinchi davrasini Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib oldi. Bu esa O‘zbekiston–Saudiya munosabatlarining izchil rivojlanayotganidan, amaliy hamkorlik esa yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston va Saudiya konsullik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi