Shavkat Mirziyoyev Eron oliy rahbari vafoti munosabatiga ta’ziya maktubini yo‘lladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon nomiga ta’ziya maktubini yo‘lladi. Unda Eron Islom Respublikasi Oliy diniy rahbari Oyatulloh-ul-uzmo Sayyid Ali Xomanaiyning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik izhor etilgan.
Davlat rahbari ushbu noxush xabar katta iztirob bilan qabul qilinganini ta’kidlab, marhumning ko‘p yillik samarali faoliyatini yuksak baholagan. U zot Eron davlatchiligini mustahkamlash, jamiyat barqarorligini ta’minlash va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash yo‘lida salmoqli xizmatlar qilgani qayd etilgan.
Shuningdek, Oyatulloh Sayyid Ali Xomanaiy O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qo‘shgani alohida urg‘ulangan. Uning yorqin xotirasi xalqlar qalbida doimo saqlanib qolishi bildirilgan.
Prezident musibatli damlarda Eron rahbariyati va do‘st xalqqa samimiy hamdardlik izhor etgan. Qodir Allohdan marhumning ruhini o‘z rahmatiga olishi, oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat va matonat ato etishi so‘ralgan. Maktub matni Eronning O‘zbekistondagi elchixonasi rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!