JSSTdan O‘zbekiston uchun muhim ogohlantirish: zilzila xavfi yuqori

Zilzilalar dunyoda insonlar hayotiga eng ko‘p talafot yetkazadigan tabiiy ofatlardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonning ayrim hududlari ham yuqori seysmik faollik zonalarida joylashgani bois Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bu borada muhim ogohlantirish bilan chiqdi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2000–2023 yillar davomida tabiiy ofatlar bilan bog‘liq o‘lim holatlarining yarmidan ortig‘i aynan zilzilalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mutaxassislar Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonning ayrim hududlari yuqori seysmik xavf zonasida joylashganini ta’kidlamoqda. Shuningdek, qariyb 11 million aholi yashaydigan Farg‘ona vodiysiga alohida e’tibor qaratilgan.
Tashkilot qayd etishicha, ehtimoliy zilzilalar vaqtida tibbiyot tizimining tayyorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. 2023 yilda Turkiya va Suriyada sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar shifoxonalar ishdan chiqqan taqdirda minglab jabrlanganlar o‘z vaqtida tibbiy yordamsiz qolishi mumkinligini namoyon qildi.
Ekspertlar fikricha, shifoxonalarni seysmobardosh qilishga sarflanadigan mablag‘ ofatdan keyingi tiklash xarajatlariga nisbatan ancha kam. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi tibbiyot muassasalarini seysmik talablarga mos qurish loyiha qiymatini 4 foizdan kamroqqa, mavjud binolarni mustahkamlash esa taxminan 1 foizga oshiradi.
JSST, shuningdek, muntazam o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish, shoshilinch tibbiy guruhlar tayyorgarligini kuchaytirish, xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilash va keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar kabi aholining zaif qatlamlarini himoya qilish choralarini kuchaytirishni tavsiya etmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘nggi yirik zilzilalarning asosiy sabog‘i bitta — tabiiy ofat sodir bo‘lishini kutmasdan, unga oldindan tayyorgarlik ko‘rish insonlar hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.






























Izohlar 0
…