Harorat 60 darajaga yaqinlashdi: mutaxassislar ogohlantirdi

O‘zbekistonda anomal issiq kuzatilmoqda. Ayni paytda Qoraqalpog‘istonda quyosh ostida turgan avtomobil salonidagi harorat deyarli 60 darajaga yetgani qayd etildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday jazirama inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Shu munosabat bilan fuqarolarga yaqinlashayotgan 4–5 soat davomida imkon qadar ochiq havoga chiqmaslik tavsiya etilmoqda. Zarurat bo‘lmaganda quyoshning tik nurlari ostida uzoq vaqt qolmaslik, ko‘proq suv va boshqa suyuqliklar iste’mol qilish muhim ekani eslatildi.
Ayniqsa, keksalar, bolalar, homilador ayollar hamda surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolar jazirama paytida salqin joylarda bo‘lishi, jismoniy zo‘riqishdan saqlanishi tavsiya etiladi.
Shuningdek, mutaxassislar avtomobilda bolalar yoki uy hayvonlarini hatto qisqa muddatga ham yolg‘iz qoldirmaslik kerakligini ta’kidlamoqda. Chunki yopiq avtomobil salonidagi harorat juda qisqa vaqt ichida hayot uchun xavfli darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Fuqarolarga kunning eng issiq vaqtlarida ehtiyot choralariga qat’iy amal qilish va o‘z salomatligiga befarq bo‘lmaslik tavsiya etildi.






























Izohlar 0
…