Samarqandda qadimiy hukmdorlar saroyi izlari topildi

Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan mashhur Mingtepa arxeologik yodgorligida olib borilayotgan ilmiy qazishmalar davomida milodiy VIII asrga mansub bo‘lishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy hukmdorlar saroyining me’moriy qoldiqlari aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi ma’lum qildi.
Agentlik xabariga ko‘ra, arxeologik tadqiqotlar Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutining ilmiy xodimlari Amriddin Berdimurov, Husniddin Rahmonov va Nigora Mahkamova rahbarligida amalga oshirilmoqda.
Qazishmalar natijasida Mingtepa yodgorligining Ark (qal’a) qismida joylashgan, milodiy VIII asrning birinchi yarmiga tegishli saroy majmuasining me’moriy tuzilishi ochib berildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu inshoot ilk o‘rta asrlar davridagi shaharsozlik, me’morchilik an’analari va davlat boshqaruv tizimini o‘rganishda muhim tarixiy hamda ilmiy manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, qazish ishlari davomida saroyning zal qismida VIII asrga oid haykaltaroshlik namunalari ham aniqlangan. Hozirgi vaqtda topilmalar yuzasidan qo‘shimcha ilmiy tadqiqotlar va tahlil ishlari olib borilmoqda.
Arxeologlar fikricha, yangi topilmalar Mingtepa yodgorligining siyosiy, madaniy va ijtimoiy hayoti haqidagi tasavvurlarni yanada boyitish, shuningdek, ilk o‘rta asrlarda ushbu hududning tarixiy taraqqiyotiga oid yangi ilmiy xulosalar chiqarish imkonini beradi. Bu kashfiyot O‘zbekistonning boy madaniy merosini o‘rganish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.v






























Izohlar 0
…