Yangi Toshkentda pedagogika universitetining yangi kampusi ochildi (foto)

23 avgust kuni Yangi Toshkent hududida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi.
Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Marosim davomida davlat rahbarlari buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekdi. Shuningdek, ularga yangi universitet kampusining qurilishi, ta’lim infratuzilmasi hamda majmuani kelgusida rivojlantirish rejalari haqida ma’lumot berildi.

Universitet kampusi 40 gektar maydonda barpo etilmoqda. Loyihani ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan. Yakunda majmua 20 ming nafargacha talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari hamda 5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini o‘z ichiga oladi.

Loyihaning birinchi bosqichi doirasida 12 ming talabaga mo‘ljallangan besh qavatli o‘quv binosi va zamonaviy laboratoriyalar majmuasi qurib bitkazilgan.
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev kampusdagi ta’lim va ilmiy faoliyat uchun yaratilgan sharoitlar, axborot-resurs markazi hamda Nizomiy Ganjaviy merosiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasi bilan ham tanishdi.


Muzeyda Nizomiy Ganjaviyning hayoti va ijodi, uning boy adabiy-ma’naviy merosi, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi uzoq yillik madaniy va adabiy aloqalar aks ettirilgan.
Uchrashuvda ta’lim, ilm-fan va madaniyat yo‘nalishlaridagi hamkorlik ikki qardosh xalq o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashi qayd etildi. Bunday loyihalar yoshlarni umumiy ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.































Izohlar 0
…