Yangi Toshkentda pedagogika universitetining yangi kampusi ochildi

Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining yangi kampusi ochildi. Tantanali marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi.
Davlat rahbarlari kampus hududida joylashgan Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekdi. Bu jarayon ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va ta’lim sohasidagi aloqalar ramzi sifatida o‘tkazildi.
Yangi kampus qurilishi 40 gektar maydonda amalga oshirilmoqda. Loyiha ikki bosqichdan iborat. Unda 20 ming nafar talabaga mo‘ljallangan o‘quv korpuslari hamda 5 ming o‘rinli yotoqxonalar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Hozircha birinchi bosqich ishlari doirasida 12 ming o‘rinli besh qavatli o‘quv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi qurilgan. Prezidentlar o‘quv binolari, ilmiy muhit, axborot-resurs markazi va muzey ekspozitsiyasini ko‘zdan kechirdi.
Muzeyda Nizomiy Ganjaviyning hayoti, adabiy merosi va ijodi haqida ma’lumotlar berilgan. Shu bilan birga, ekspozitsiyada o‘zbek va ozarbayjon xalqlarini bog‘lab kelayotgan adabiy, madaniy va ma’naviy aloqalar ham yoritilgan.
Marosimda ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik kelgusida ham davom ettirilishi ta’kidlandi. Davlat rahbarlari bunday loyihalar yoshlarni bilimli, keng dunyoqarashli va umumiy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini qayd etdi.































Izohlar 0
…