O‘zbekistonda o‘lim ko‘rsatkichi so‘nggi besh yildagi eng past darajaga tushdi

O‘zbekistonda o‘lim ko‘rsatkichi so‘nggi besh yildagi eng past darajaga tushdi

O‘zbekistonda 2026 yilning yanvar–sentyabr oylarida 123,4 mingta o‘lim holati qayd etildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining 27 oktyabr kuni e’lon qilingan demografik hisobotida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, 2025 yilning shu davrida 132,2 mingta o‘lim holati qayd etilgan. Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida bu ko‘rsatkich 8,8 ming taga yoki qariyb 6,7 foizga kamaygan. O‘lim koeffitsiyenti esa 4,2 promilleni tashkil etgan.

Jins bo‘yicha taqsimotga ko‘ra, vafot etganlarning 68,5 ming nafari yoki 55,5 foizi erkaklar, 54,9 ming nafari yoki 44,5 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Demak, erkaklar o‘rtasidagi o‘lim holatlari ayollarnikidan 13,6 ming taga ko‘p bo‘lgan.

Yashash joyi bo‘yicha esa vafot etganlarning 65,7 ming nafari, ya’ni 53,2 foizi shaharlarda, 57,7 ming nafari yoki 46,8 foizi qishloqlarda istiqomat qilgan.

Shu bilan birga, 2026 yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakatda 638,6 ming nafar bola tirik tug‘ilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26 ming nafarga kam.

Tug‘ilish va o‘lim ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi farq natijasida aholining tabiiy o‘sishi 515,2 ming kishini tashkil etgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyidagi o‘lim holatlari soni so‘nggi besh yilning mos davrlari orasida eng past ko‘rsatkich bo‘lgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar