12:12 / 17.09.2024
35

“Lans” bosh murabbiyi Husanovga g‘alati ta’rif berdi

“Lans” bosh murabbiyi Husanovga g‘alati ta’rif berdi
20 yoshli legionerimiz Abduqodir Husanov “Lans”ning eng katta muammosiga yechim topib berdi. Bu jamoa keyingi mavsumlarda doimiy kuchli himoyasi bilan ajralib turgan. Ana shu himoyaning mustahkamligini ta’minlab kelgan Kevin Danso hozir jamoaga yordam bera olmayapti.

Yozgi transferlar oxirida “Roma”ga yo‘l olgan avstriyalik tajribali himoyachi tibbiy ko‘rikdan o‘tolmadi. Transferi barbod bo‘lganidan keyin "Lans"ga qaytib kelgan Danso yana tekshiruvga jalb qilindi.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, uning yuragida muammo bor va qachon safga qaytishi hozirgacha aniq emas. Tibbiyot xodimlari sentyabr oyida futbolchi o‘ynay olmasligini ta’kidlashdi.

“Lans” bosh murabbiyi Uill Still Dansoga o‘rinbosar sifatida Abduqodir Husanovni tanladi. O‘zbek futbolchisi hozirgacha ichki chempionat va xalqaro musobaqalarda oltita o‘yinda qatnashib, murabbiylar shtabi ishonchini oqlab kelmoqda. Klubning ashaddiy muxlislari Uill Stilldan 20 yoshli markaziy himoyachiga doimiy ravishda boshlang‘ich tarkibdan joy berishni talab qilyapti.

Abduqodir Husanov chempionatning to‘rtinchi turida “Lion”ga qarshi o‘tkazilgan bellashuvda “Lans”ning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi. Espertlar eng yuqori ballni o‘zbek futbolchisiga berdi, muxlislar so‘rovnomalarda uni birinchi o‘ringa olib chiqdi.

Uill Still hamyurtimizga quyidagicha ta’rif berdi.

- Abduqodir Husanov – harbiy mashina. Uning jismoniy va atletik darajasini shundan dalolat bermoqda. Abduqodir juda tez yuguradi, ancha baquvvat. Uning o‘yinni o‘qish qobiliyati yuqori darajada. Oyog‘iga to‘p tushsa, toza o‘ynayapti, - dedi “Lans” bosh murabbiyi.

Abduqodir Husanov bilan himoyada yonma-yon o‘ynayotgan Jonatan Gradit ham 20 yoshli jamoadoshining imkoniyatlarini yuqori baholadi va til borasidagi kamchiliklar o‘zaro muloqotga ta’sir qilmayotganini aytdi.

- Hammasi oddiy: jamoada yaxshi o‘yinchilar bo‘lsa, ulardan biri albatta Abduqodir hisoblanadi. Maydonda bir birimizni to‘liq tushunish uchun ko‘p muloqot qilishimiz shart emas, buni keragi ham yo‘q.

Kevin Danso yaxshi o‘ynashi uchun u bilan fransuzchada juda ko‘p gaplashishimiz, doimiy muloqot olib borishimizga to‘g‘ri keladi. Husanov bilan til to‘siq bo‘lolmaydi. Abduqodir o‘yinlarni juda yaxshi o‘tkazyapti
, - dedi Jonatan Gradit.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq professional futbolchilik faoliyatini Belarus oliy ligasida boshlagan. Yosh himoyachi “Energetik-BGU” klubi bilan 2022 yili erkin agent sifatida shartnoma tuzgan.

“Lans” skautlari O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida iste’dodli himoyachining o‘yinlarini kuzatdi va 2023 yilning yozida transfer qildi. “Energetik-BGU” 100 ming yevro evaziga o‘z tarixida ilk bor top ligaga o‘yinchi berdi.

Shu tariqa, Abduqodir Husanov Fransiya chempionatida ishtirok etgan birinchi o‘zbek futbolchisiga aylandi. “Lans” safida o‘tgan mavsum Yevropa Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasi kabi musobaqalarda debyutini nishonladi.

Bu yil esa, Abduqodir yana bir xalqaro turnir – UYEFA Konferensiyalar ligasida birinchi marotaba ishtirok etdi.

Husanovning ayni paytdagi transfer narxi 2,5 million yevroni tashkil qilmoqda. Uning lansliklar bilan hamkorligi 2027 yilning yozigacha davom etishi belgilangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Lans” bosh murabbiyi Husanovga g‘alati ta’rif berdi
ePN