15:39 / 20.03.2025
5 245

Davron Fayziyevning O‘zbekiston - Qirg‘iz Respublikasi bahsi haqidagi fikrlari

Davron Fayziyevning O‘zbekiston - Qirg‘iz Respublikasi bahsi haqidagi fikrlari
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi "JCH-2026" saralashi doirasida Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Ushbu bahs oldidan taniqli futbol sharhlovchisi va O‘FA media departamenti boshlig‘i Davron Fayziyevning o‘yinoldi fikrlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

- O‘zbekiston - Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasidagi bahsgacha terma jamoamizning tayyorgarligiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, jamoamiz 3 kun mashg‘ulot o‘tkazdi, lekin barchasida to‘liq tarkib bilan emas. Asta-sekin saf kengayib bordi. Futbolchilar klubdagi vaziyatdan, o‘yinlardan kelib chiqib mashg‘ulotlarga qo‘shilib bordi. Hattoki Hojimat Erkinov faqatgina so‘nggi mashg‘ulotda ishtirok etdi.

Menimcha, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha muammo yo‘q. Sababi, barcha futbolchilar professional. Ular o‘z klubida muntazam shug‘ullanib borishgan. Deyarli hamma yaxshi formada. Ularning vazifasi faqatgina murabbiy rejasini o‘zlashtirish va maydonda o‘zaro bir-birlarini yaxshi tushunib harakat qilish.

Bir nechta futbolchilarda mikro jarohatlar bor. Ular ham terma jamoada o‘ynashni xohlaydi va ishtiyoq bilan yetib keldi. Biroq, mashg‘ulotlar davomida Oston O‘runovda muammolar bo‘ldi. Hozirda u shifokorlar nazorati ostida va kecha bo‘lib o‘tgan mashg‘ulotda ishtirok etmadi. Himoyachi Sherzod Nasrullayev ham jamoa bilan emas, balki yakka tarzda mashg‘ulot o‘tkazdi.

Qolgan barcha futbolchilar to‘liq jamoaviy mashg‘ulotlarda qatnashdi. Qirg‘iz Respublikasi terma jamoamiz bilan kuch balansini yaxshi biladi va shunga asoslanib taktika qo‘llaydi.

Eng muhimi, yuzaga kelgan vaziyatlarni golga aylantira olish bo‘ladi. Agar mana shu holatda yaxshi ko‘rsatkich qayd etilsa, 3 ochkoni qo‘lga kirita olamiz. Hozir bu ochkolar juda muhim.

To‘g‘ri, ruhiy tayyorgarlikda motivatsiya katta rol o‘ynaydi. Biroq, bu yerda ham balansni saqlash ahamiyatli. Motivatsiya ko‘payib ketishi esa hayajonga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, bugun 35000 muxlisni sig‘dira oladigan "Bunyodkor"ning to‘lishi kutilmoqda.

Bugun jamoada sovuqqonlik bilan oxirigacha kurashish kabi yondashuv bo‘lishi kerak.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport