
Jahon chempionati–2026 3-saralash bosqichi doirasida bo‘lib o‘tadigan BAA – O‘zbekiston uchrashuvi arafasida mezbon jamoa yetakchilaridan biri, tajribali yarim himoyachi Majid Hasan muhim bayonot bilan chiqdi. 32 yoshli futbolchi bu uchrashuvni nafaqat turnir nuqtayi nazaridan, balki jamoa sha’ni va muxlislar uchun ham muhim ekanini alohida ta’kidladi.
"Bu o‘yin jahon chempionati yo‘lidagi eng hal qiluvchi bahslardan biri bo‘ladi. Raqib jamoa — O‘zbekiston so‘nggi vaqtlarda juda barqaror va mag‘lubiyatsiz o‘ynayotgan terma jamoalardan biri. Shu sabab, biz har doimgidan ham ko‘proq kuch, ehtiyotkorlik va intizom bilan maydonga tushishimiz shart", — deydi Majid Hasan.
Uning ta’kidlashicha, BAA terma jamoasi futbolchilari barcha diqqat-e’tiborni ushbu uchrashuvga qaratgan. “Muxlislarimiz bizdan yuqori o‘yin kutayotganini yaxshi bilamiz. Bu uchrashuv orqali ularga bayram munosabati bilan g‘alaba sovg‘asi qilishni istaymiz. Bu uchun esa bor imkoniyatimizni ishga solishga tayyormiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumki, har ikki jamoa uchun ham 5 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan bellashuvning ahamiyati juda katta. O‘zbekiston g‘alaba qozongan taqdirda, mundialga yo‘llanmani muddatidan avval qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ammo BAA ham o‘zidagi imkoniyatni boy bermaslik uchun bor kuchini ishga soladi.
Majid Hasanning ushbu fikrlari BAA termasi lageridagi jiddiy kayfiyat va yuqori ruhiy tayyorgarlikdan dalolat beradi. Muxlislar esa ushbu bahsni sabrsizlik bilan kutmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar