date

Osiyo chempionati: O‘zbekistonlik 10 nafar yosh bokschi finalga chiqdi

Osiyo chempionati: O‘zbekistonlik 10 nafar yosh bokschi finalga chiqdi

30 iyuldan 12 avgustga qadar Tailandning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tayotgan yoshlar va 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati qizg‘in pallaga kirdi. Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekistonning U-19 terma jamoasi a’zolari ham maydonda o‘z salohiyatini namoyon etmoqda deb xabar berdi O‘zbekiston boks federatsiyasi.

Bugungi kun davomida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan 12 nafar bokschimiz finalga yo‘l olish uchun kurash olib borishdi. Ular har biri ringda fidokorona harakat qilib, muxlislarga faxr va g‘urur bag‘ishlaydigan natijalarni qayd etishdi.

— Maftuna Musurmonova -48 kg vazn toifasida Vetnam vakili Thao Than Lusni mahorat bilan yengib, raqibasini 5:0 hisobida taslim etdi. Uning harakatlari yoshlar o‘rtasidagi boksda yuksak darajani namoyon etdi.

— Sevara Mamatova esa -60 kg vaznda qozog‘istonlik Alina Kudaigenovaga qarshi juda ishonchli tarzda g‘alaba qozondi. Jang davomida u raqibasini nokdaun holatiga ham tushirib, hakamlar tomonidan 5:0 hisobida g‘alabaga munosib deb topildi.

— Rayhona Qurbonboyeva o‘z yarim final bahsini -70 kg vaznda Qirg‘iziston vakili Zarina Asanovaga qarshi o‘tkazdi va ikkinchi raundda texnik nokaut bilan g‘alaba qozondi.

— -75 kg vazn toifasida Maftuna Yangiyeva xitoylik Tongtong Gu bilan o‘ta murosasiz jang olib bordi, ammo hakamlar qaroriga ko‘ra 2:3 hisobida mag‘lub deb topildi. U musobaqani bronza medali bilan yakunladi.

— Ruxshona Parpiyeva ham -80 kg vaznda ringga chiqib, qozog‘istonlik Kuralay Yeginbaykizidan 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi va uchinchi o‘rin bilan chempionatni yakunladi.

— Abdurahmon Mahmudjonov -60 kg vazndagi jangda qozog‘istonlik Tortubek Adiletga qarshi bahs olib bordi, ammo 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.

— Jahongir Zayniddinov esa -65 kg vazn toifasida xitoylik Yuheng Lini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va finalga yo‘l ochdi.

— Abdulaziz Jo‘raqulov esa eronlik Saleh Roozbahanini 5:0 hisobida yengib, o‘z nomini finalchilar qatoriga qo‘shdi.

— Muhammadjon Yaqupboyev -75 kg vaznda qirg‘izistonlik Usman Kaparovga qarshi jangda ustunlikni qo‘lga kiritib, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.

— Norbek Abdullayev esa -80 kg vaznda Janubiy Koreya vakili Heon-Seung Jeong ustidan 5:0 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.

— Samir Sobirov ham final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. U -85 kg vazn toifasida Janubiy Koreya vakili Damheon Parkni bir tomonlama jangda 5:0 hisobida mag‘lub etdi.

— +90 kg vaznda esa Islam Salihov eronlik Abbas Garshasbi bilan bo‘lgan bahsda ochkolar hisobiga ko‘ra ustunlikni qo‘lga kiritdi va finalga yo‘l oldi.

— Quvonarlisi, +80 kg vaznda ishtirok etayotgan Sobiraxon Shaxobiddinova qur’a natijasiga ko‘ra to‘g‘ridan to‘g‘ri finalga yo‘l olgan.

Bu natijalar nafaqat bokschilar, balki ularga ishonch bildirgan yurtdoshlarimiz uchun ham iftixorli lahzalar bo‘ldi. Oldindagi final janglarida ham g‘alaba tantanasi davom etishiga umid qilib qolamiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo chempionati: O‘zbekistonlik 10 nafar yosh bokschi finalga chiqdi