
Kecha Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatining hal qiluvchi bahslari o‘tkazildi. Musobaqaning eng bahsli va muhokamali janglaridan biri -60 kg vazn toifasidagi final bo‘ldi.
Ushbu toifada O‘zbekiston milliy jamoasi a’zosi Abdumalik Xalokov rossiyalik Vsevolod Shumkovga qarshi ringga ko‘tarildi. Finalga yarasha jang yuqori sur’atda, qattiq kurash va asabbuzarliklarga boy tarzda o‘tdi. Ikki bokschi ham ochkolar uchun oxirigacha kurashdi, har bir zarba hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Jang taqdiri so‘nggi daqiqalarda hal bo‘ldi. Afsuski, Abdumalik ochkolar bo‘yicha minimal farq bilan ustunlikni boy berdi — 3:4. Shu tariqa, u jahon chempionatini kumush medal bilan yakunladi. Natija og‘riqli, ammo kurash haqiqiy chempionlarga xos edi.
Biroq finaldan keyin eng katta muhokamaga sabab bo‘lgan holat — ringdagi noodatiy va qabul qilib bo‘lmas epizod bo‘ldi. Jang jarayonida rossiyalik bokschi tomonidan qoidaga zid harakat sodir etilgani ma’lum bo‘ldi: u klinch paytida Abdumalik Xalokovning qulog‘ini tishlab olgan. Bu holat kadrlarga tushib qoldi va ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqaldi.
Mazkur voqea muxlislar va sport jamoatchiligi orasida keskin norozilik uyg‘otdi. Chunki boks — qat’iy qoidalarga asoslangan sport turi bo‘lib, bunday harakatlar nafaqat raqibga, balki butun musobaqa nufuziga soya soladi.
Hozircha IBA tomonidan rasmiy bayonot berilmagan, ammo ushbu epizod bo‘yicha intizomiy choralar ko‘rilishi ehtimoli katta. Abdumalik Xalokov esa og‘ir finalga qaramay, o‘zini haqiqiy professional sifatida namoyon qildi va jahon chempionatidagi kumush medali bilan yurtimiz sharafini himoya qildi.
Qisqasi, natija alamli bo‘lsa ham, Xalokovning bu finali — tajriba, saboq va keyingi katta g‘alabalar uchun mustahkam poydevor. Chempionlik ketdi, obro‘ qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.