
Kataloniyaning mashhur klubi «Barselona» bosh murabbiy Hansi Flik bilan hamkorlikni uzoqroq davom ettirish niyatida. Diario Sport nashri Bild manbasiga tayanib xabar berishicha, klub rahbariyati 60 yoshli germaniyalik mutaxassisga amaldagi shartnomani yana bir mavsumga — 2028 yil yozigacha uzaytirishni taklif etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Barselona» rahbariyati murabbiyning kelajagi masalasi noaniq holatda qolishini istamaydi. Klub ichida barqarorlikni saqlash, loyihani rejali tarzda rivojlantirish va barcha tomonlar o‘zini erkin his qilishi asosiy maqsad sifatida belgilangan. Shu bois shartnoma muddatining oldindan aniq belgilanishi muhim deb hisoblanmoqda.
Ayni paytda klubning sport direktori Deku Flik bilan yangi kelishuv ustida faol ish olib bormoqda. Murabbiyning agenti Pini Zaxavi esa «Barselona» prezidenti Joan Laporta bilan bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazgan. Manbalarga ko‘ra, ushbu muzokaralar davomida tomonlar yangi shartnoma shartlari bo‘yicha o‘zaro yaqin pozitsiyaga kelgan.
Qayd etilishicha, shartnomaning faqat bir yilga uzaytirilishi klub tashabbusi emas. Bu qaror Hansi Flikning o‘ziga bog‘liq bo‘lib, u hozircha uzoq muddatli kelishuv imzolashni ma’qullamayapti. Nemis mutaxassisi har mavsum yakunida vaziyatni baholab, keyingi qadamni aniqlashni afzal ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Hansi Flik «Barselona»ni 2024 yilda qabul qilib olgan edi. Qisqa fursat ichida u jamoa bilan katta yutuqlarga erishdi: Ispaniya chempionati, mamlakat Kubogi va Superkubokni qo‘lga kiritdi. Bu natijalar Flikka klub rahbariyati hamda muxlislar orasida katta ishonch olib keldi.
Shu bois «Barselona»da Flik bilan hamkorlikni saqlab qolishga bo‘lgan ishtiyoq yuqori. Kataloniya muxlislari esa jamoaning muvaffaqiyatli yo‘li yana bir necha mavsum davom etishiga umid qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.