date

Xalokov–Shumkov jangidagi “quloq tishlash” epizodi bo‘yicha xulosa berildi

Xalokov–Shumkov jangidagi “quloq tishlash” epizodi bo‘yicha xulosa berildi

2–13 dekabr kunlari Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan IBA jahon chempionati doirasidagi eng ko‘p muhokama qilingan bahslardan biri bo‘yicha rasmiy qaror e’lon qilindi. Erkaklar o‘rtasida 60 kg vazn toifasidagi finalda Abdumalik Xalokov va Vsevolod Shumkov o‘rtasida yuz bergan “quloq tishlash”ga o‘xshash epizod chuqur o‘rganildi, ammo jang natijasi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu holat bo‘yicha soha ekspertlari tomonidan maxsus tahlil o‘tkazilgan. O‘sha bahsni jonli ravishda boshqarib turgan hakam vaziyatni to‘liq nazorat qilgan va uni jangga aralashishni talab qiladigan darajada jiddiy deb hisoblamagan. Keyinchalik videotakrorlar ham ko‘rib chiqilib, jang to‘g‘ri va uzluksiz davom etgani tasdiqlangan. Eng muhimi, Xalokov hech qanday jarohat olmagan va hech bir e’tiroz bildirmasdan jangni faol tarzda davom ettirgan.

Xalqaro boks assosiatsiyasi (IBA) rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, garchi bunday harakat qoidalarga zid hisoblansa-da, har bir holat uning maqsadi, og‘irligi va jangga ta’siri nuqtayi nazaridan real vaqtda baholanadi. Mazkur holatda hakamlar guruhi o‘z bahosini bergan, jahon chempionati texnik delegati esa yakuniy qarorni tasdiqlagan. Shuningdek, musobaqa davomida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan hech qanday apellyatsiya berilmagani ham qayd etilgan. Shu sababli natijani o‘zgartirish yoki medallar taqsimotiga tuzatish kiritish uchun huquqiy asos yo‘q.

Biroq to‘liq shaffoflik va sportda halollik tamoyillarini ta’minlash maqsadida ushbu epizod BIIU — Boks bo‘yicha mustaqil korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi tomonidan ham o‘rganilishi ma’lum qilindi. Agar mazkur harakat qoidabuzarlik sifatida baholansa, sportchiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanilishi mumkin.

IBA bosh kotibi va ijrochi direktori Kris Roberts bu masala yuzasidan quyidagicha fikr bildirdi:
“Musobaqalarimizda halollik — eng ustuvor qadriyat. Shu sababli biz epizodni mustaqil ekspertlar ishtirokida o‘rgandik va texnik delegat tomonidan tasdiqlangan yakuniy qarorga keldik. Natijani o‘zgartirish muddati tugagani bois, masalani BIIU'ga yuborish va zarurat bo‘lsa, moliyaviy chora ko‘rish tavsiya etildi. Har qanday holatda ham sportchilar manfaati biz uchun birinchi o‘rinda turadi”.

Eslatib o‘tamiz, mazkur bahsli vaziyat jangning uchinchi raundi yakunlanishiga taxminan 50 soniya qolganda, klinch paytida sodir bo‘lgan. Qisqa to‘qnashuv chog‘ida Shumkovning og‘zi Xalokovning qulog‘iga tegib ketgan, ammo bu harakat tasodifiy deb baholangan va jang taqdiriga ta’sir qilmagani qayd etilgan.

Shu tariqa, final natijasi rasman saqlab qolindi va chempionat atrofidagi asosiy savollarga nuqta qo‘yildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Xalokov–Shumkov jangidagi “quloq tishlash” epizodi bo‘yicha xulosa berildi