Maykl Kerrik «MYU»da vaqtinchalik bosh murabbiylikka yaqinlashdi...

«Manchester Yunayted»da murabbiylik masalasi yana kun tartibining eng qiziq mavzusiga aylandi. Klub rahbariyati vaqtinchalik bosh murabbiy lavozimi uchun asosiy nomzod sifatida Maykl Kerrik variantiga jiddiy yondashmoqda.
Jurnalist Ben Jeykobsning ma’lum qilishicha, o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng «qizil iblislar» rahbariyati aynan Kerrik nomzodiga ko‘proq ishonch bildirmoqda. Mankunianliklar ichida uning klub muhitini yaxshi bilishi va jamoa bilan avvaldan tanishligi muhim omil sifatida baholanmoqda.
Avvaliga esa vaziyat boshqacharoq ko‘ringan edi. «MYU»ning vaqtinchalik bosh murabbiyi lavozimi uchun asosiy favorit sifatida Ole-Gunnar Sulsher nomi tilga olingan, muxlislar ham bu variantni katta qiziqish bilan muhokama qilgandi. Biroq so‘nggi kunlarda vaziyat keskin o‘zgardi va Kerrik oldinga chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, yakuniy qaror bugun, 12 yanvar kuni qabul qilinishi kutilmoqda. Klub rahbariyati uzoqqa cho‘zmasdan, jamoaga aniq yo‘nalish berishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ruben Amorim ishdan bo‘shatilganidan keyin bosh murabbiylik vazifasini vaqtincha Darren Fletcher bajarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida «Manchester Yunayted» APL doirasida «Byornli» bilan dramatik durang o‘ynadi (2:2). Biroq Angliya Kubogida jamoa «Brayton»ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqa bilan xayrlashdi.
Shu bois, klubga barqarorlik va ishonch qaytarish masalasi kun tartibida turibdi. Endi barcha nigohlar rahbariyat qaroriga qaratilgan: «Old Trafford»da navbatdagi qutqaruvchi Kerrik bo‘ladimi yoki so‘nggi lahzada syurpriz bo‘ladimi — tez orada ma’lum bo‘ladi. Futbolda esa, odatdagidek, intriga oxirigacha saqlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!