“UFC 324”: Getji super jangda Pimblettni yengib chempion bo‘ldi (video)

AQSHning Las-Vegas shahrida muxlislar kutgan katta kecha — “UFC 324” turniri bo‘lib o‘tdi. Oktagonda nafaqat kuch, balki xarakter, tayyorgarlik va sovuqqonlik ham sinovdan o‘tdi. Kechaning eng asosiy to‘qnashuvida amerikalik Jastin Getji hamda angliyalik Peddi Pimblett yengil vaznda vaqtinchalik chempionlik kamari uchun jang qildi.
Markaziy bahs haqiqiy “super jang” maqomini oqladi: temp yuqori, almashinuvlar keskin, har bir epizodda hal qiluvchi zarba hidi kelib turdi. Yakunda esa Getji ochkolar hisobiga ko‘ra Pimblettni mag‘lub etib, yengil vaznda vaqtinchalik UFC chempioniga aylandi. Peddi borini berdi, ammo bu kecha tajriba va bosimga chidam Getji tomonda bo‘ldi.
Turnirda faqat asosiy jang emas, prelim va asosiy kardda ham bir qator diqqatga sazovor natijalar qayd etildi.
Prelim janglari
- Kechani portlatgan epizodlar aynan prelimda boshlandi. Tay Miller 1-raundning so‘nggi soniyasida Adam Fyugittni nokautga uchratdi — tom ma’noda “sekundlar bilan o‘lchangan” dramatik yakun.
- Josh Xokit ham vaqtni cho‘zmadi: u 1-raundning o‘zida Denzel Frimanni nokaut qilib, tezkor g‘alaba qayd etdi.
- Aleks Peres texnik nokaut orqali Charlz Jonsonni mag‘lub etdi va kechadagi ishonchli chiqishlardan birini namoyish qildi.
- Nikita Krilov esa 3-raundning so‘nggi daqiqalarida Modestas Bukauskasni nokautga uchratdi. Uning finishi zalni ancha qo‘zg‘atib yubordi.
- Akeba Gaute hakamlarning yakdil qarori bilan Andrey Pulyayevdan ustun keldi (30-27, 29-28, 29-28) — qattiq va tartibli jang, xato deyarli yo‘q.
- Kechaning muhim natijalaridan biri — Umar Nurmagomedovning ishonchli g‘alabasi bo‘ldi. U ochkolar bo‘yicha (30-27, 30-27, 30-27) Deyveson Figereduni mutlaq nazorat ostida ushlab, raqibiga deyarli imkoniyat qoldirmadi.

Asosiy kard janglari
Asosiy kardda ham sensatsiya, prinsipial to‘qnashuv va nokautlar yetarli bo‘ldi.
- Jan Silva hakamlarning yakdil qarori bilan Arnold Allenni mag‘lub etdi (30-27, 29-28, 29-28). Jang davomida u tempni tushirmadi va muhim raundlarda aniq ishladi.
- Natalya Silva ochkolar orqali Rouz Namayunasni yengib, kechaning eng “toza” g‘alabalaridan birini rasmiylashtirdi (29-28, 29-28, 29-28).
- Valdo Kortes-Akosta 2-raundda Derrik Lyuisni nokautga uchratdi — og‘ir vaznda bu kabi zarbalar har doim muxlislar uchun alohida tomosha.
- Shon O’Melli esa hakamlarning yakdil qarori bilan (29-28, 29-28, 29-28) Song Yadong ustidan g‘alaba qozondi. Jang shiddatli bo‘ldi, ammo O’Melli hal qiluvchi lahzalarda o‘z ishini qildi.
Yakuniy nuqta — Getjining chempionlik kechasi
- Kechaning kulminatsiyasida Jastin Getji va Peddi Pimblett o‘rtasidagi to‘qnashuv muxlislarni monitorga “qulflab” qo‘ydi. Uchinchi daqiqadanoq temp ko‘tarildi, almashinuvlar qattiqlashdi. Ammo oxirida Getji ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozonib, vaqtinchalik chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.
Qisqasi, “UFC 324” Las-Vegasga yarashgan kecha bo‘ldi: nokautlar, qat’iyat va oxirida chempionlikka olib chiqqan super jang. Endi esa muxlislar bitta savolni kutyapti: Getjiga navbatda kim chiqadi?