Mohidil O‘ktamjonova qizlar o‘rtasida Jahon chempioniga aylandi

Poytaxtimizda o‘tkazilgan taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV Jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etilgan final bahslari va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z nihoyasiga yetdi. Ushbu nufuzli sport tadbirida World Taekvondo Prezidenti Chungvon Choi, Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosari, mamlakat taekvondo WT assosiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov kabi nufuzli shaxslar ishtirok etdi.
Musobaqaning eng yorqin yulduzlaridan biri — -63 kg vazn toifasida bahs olib borgan Mohidil O‘ktamjonova bo‘ldi. U barcha raqibalarini ishonchli tarzda mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi va o‘zining tengsiz ekanini amalda isbotladi.
Bu natija O‘zbekiston sporti uchun haqiqiy tarixiy yutuq sifatida baholanmoqda. Chunki shu paytga qadar taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida qizlarimiz oltin medalga sazovor bo‘lmagan edi. Endi esa Mohidil O‘ktamjonova nafaqat chempion, balki mamlakatimiz tarixida ilk bor yoshlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan qiz sifatida nomini yozib qoldirdi.
Shu bilan birga, jamoamizning boshqa vakillari ham munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etishdi. Xususan, Asadbek Samandarov va Yosinbek Odilov oltin medallarga erishgan bo‘lsa, Ayubxon Nabiyev va Alisher Pak kumush medallarni qo‘lga kiritishdi. Shohjahon Xolmurodov esa bronza sovriniga sazovor bo‘ldi.
Natijada O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi musobaqani 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan yakunlab, o‘z tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini qayd etdi.
Eʼtiborlisi, navbatdagi — 2028 yilgi jahon chempionati Lima shahrida bo‘lib o‘tadi. Demak, yoshlarimiz uchun yangi sinovlar va yangi imkoniyatlar hali oldinda.
Qisqasi, bu g‘alaba — nafaqat sportchilar, balki butun mamlakat uchun katta faxr. Va eng muhimi, bu hali start, chunki bu avlodda potensial juda yuqori.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!