Nyu-York meri Mikel Arteta va uning qatʼiy qarorlari haqida gapirdi

Nyu-York shahri meri Zohran Mamdani Arsenal bosh murabbiyi Mikel Arteta tomonidan koʻrsatilgan yetakchilik qobiliyatini yuqori baholadi. Siyosatchi murabbiyning jamoani Angliya Premer-ligasi chempionligiga yetaklashda qabul qilgan qatʼiy qarorlari, ayniqsa, darvozabonlar masalasidagi oʻzgarishlar uni hayratda qoldirganini taʼkidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mamdani oʻzining siyosiy faoliyati va Artetaning boshqaruv uslubi oʻrtasida oʻxshashliklar borligini qayd etdi. U dastlab Aaron Ramsdale oʻrniga David Raya asosiy tarkibga kiritilishiga qarshi boʻlganini tan oldi. "Men Ramsdaleni yaxshi koʻrardim, u muxlislarning yoqimtoyi edi. Ammo David Raya bilan bogʻliq qaror Artetaning shunchaki raqobatlashishni emas, balki gʻalaba qozonishni istashini koʻrsatdi", — dedi Nyu-York meri GQ nashriga bergan intervyusida.
2023–24-yilgi mavsum boshida amalga oshirilgan ushbu taktik oʻzgarish koʻplab bahslarga sabab boʻlgan edi. Biroq yakunda David Raya 19 ta oʻyinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolib, klub afsonasi David Seaman rekordini takrorladi. Bu esa Arsenal jamoasining 22 yillik tanaffusdan soʻng oʻzining 14-chempionlik unvonini qoʻlga kiritishida muhim omil boʻldi.
Mikel Arteta 44 yoshida Jose Mourinho dan keyin Angliya Premer-ligasini yutgan eng yosh ikkinchi murabbiyga aylandi. Endilikda London klubi bor eʼtiborini Chempionlar ligasi finaliga qaratadi. Shanba kuni boʻlib oʻtadigan hal qiluvchi bahsda ular PSJ jamoasiga qarshi maydonga tushib, tarixiy dublni qayd etishga harakat qilishadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!