O‘zbekiston pley-offga chiqa oladimi? Barchasi so‘nggi turda hal bo‘ladi...

O‘zbekiston milliy jamoasining 2026 yilgi jahon chempionati pley-off bosqichiga chiqish imkoniyati hamon saqlanib qolmoqda. Biroq «oq bo‘rilar»ning keyingi bosqichga yo‘l olishi uchun faqat g‘alabaning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Fabio Kannavaro boshchiligidagi terma jamoa «K» guruhidan birinchi yoki ikkinchi o‘rin bilan chiqish imkoniyatini yo‘qotgan. Endi O‘zbekiston faqat eng yaxshi uchinchi o‘rin sohiblari qatoriga kirish orqali 1/16 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi mumkin.
Buning uchun milliy jamoa so‘nggi turda Kongo Demokratik Respublikasini mag‘lub etishi shart. Imkon qadar yirik hisobdagi g‘alaba muhim ahamiyat kasb etadi, chunki teng ochko to‘plangan taqdirda to‘plar nisbati hal qiluvchi ko‘rsatkichlardan biriga aylanadi.
Ayni vaqtda uchinchi o‘rinda borayotgan jamoalar reytingida Bosniya va Hersegovina 4 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Bosniyaliklar pley-off yo‘llanmasini kafolatlashga ulgurdi.
Keyingi o‘rinlarda 3 ochkodan to‘plagan Shvetsiya, Xorvatiya, Janubiy Koreya, Jazoir, Paragvay va Shotlandiya joylashgan. Kabo-Verde hamda Belgiyada 2 tadan ochko bor. Kongo Demokratik Respublikasi va Ekvador 1 ochkodan jamg‘argan bo‘lsa, Senegal hozircha ochko ololmagan.
O‘zbekistonning vazifasi juda aniq: Kongoni yengish va boshqa guruhlardagi natijalarni kutish. «Oq bo‘rilar»ning imkoniyati oshishi uchun uchinchi o‘rin uchun kurashayotgan bir qator raqiblar ochko yo‘qotishi yoki mag‘lub bo‘lishi kerak.
Uchinchi o‘rin uchun kurashayotgan jamoalarning so‘nggi turdagi o‘yinlari:
Yaponiya — Shvetsiya
Xorvatiya — Gana
Jazoir — Avstriya
Paragvay — Avstraliya
Kabo-Verde — Saudiya Arabistoni
Yangi Zelandiya — Belgiya
Kongo DR — O‘zbekiston
Ekvador — Germaniya
Senegal — Iroq
UCHINCHI O‘RINDAGI JAMOALAR RЕYTINGI

Ayniqsa, Shvetsiya, Xorvatiya, Jazoir va Paragvayning natijalari O‘zbekiston uchun katta ahamiyatga ega. Ushbu jamoalar ochko yo‘qotsa, «oq bo‘rilar» ularni quvib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kabo-Verde va Belgiyaning g‘alaba qozonmasligi ham O‘zbekiston foydasiga xizmat qilishi mumkin.
Ammo barcha hisob-kitoblardan avval Kannavaro jamoasi o‘z vazifasini bajarishi kerak. Kongo DRga qarshi durang yoki mag‘lubiyat pley-off umidlarini yo‘qqa chiqaradi. G‘alaba esa O‘zbekistonni mundialning keyingi bosqichiga olib chiqishi mumkin bo‘lgan murakkab, ammo real ssenariyni saqlab qoladi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi taqdiri nafaqat o‘z qo‘lida, balki boshqa guruhlardagi so‘nggi tur natijalariga ham bog‘liq. Endi har bir gol, har bir ochko va hatto to‘plar farqi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.































Izohlar 0
…