Shomurodov Trabzon sinovida: Siz bilishingiz kerak bo‘lgan 10 ta fakt...

Turkiya Superligasining ikkinchi turi markaziy uchrashuvlaridan biriga mezbonlik qiladi. Hamyurtlarimiz Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev to‘p surayotgan Istanbulning “Bashakshehir” klubi mamlakatning eng nomdor va kuchli jamoalaridan biri — “Trabzonspor” mehmoni bo‘ladi.
Ushbu prinsipial bahs oldidan Turkiyaning nufuzli sport nashrlaridan biri — sporx.com sayti o‘yin taqdiriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan eng muhim 10 ta statistik faktni e’lon qildi. Ushbu ma’lumotlar Trabzondagi bo‘lajak jang qay darajada murosasiz va kutilmagan natijalarga boy bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Siz aziz futbol ishqibozlari uchun ushbu 10 ta eng muhim faktni taqdim etamiz:
1. Shomurodovning mehmondagi «sukuti»
“Istanbul Bashakshehir” hujumchisi va O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov o‘tgan mavsumdan buyon Superliganing eng yaxshi to‘purarlaridan biri hisoblanadi. Biroq statistik ma’lumotlar uning mehmondagi samaradorligi pastligini ko‘rsatmoqda. Eldor so‘nggi urgan 7 ta golining faqat bittasini safar o‘yinida nishonlagan (2026 yil may oyida “Gaziantep” darvozasiga). Bo‘lajak bahsda Shomurodov bu noxush an’anaga barham berishi kerak bo‘ladi.
2. Onuachu “Bashakshehir” uchun haqiqiy «boshog‘riq»
“Trabzonspor” hujumchisi Pol Onuachu Istanbul klubiga qarshi o‘yinlarda alohida mahsuldorlik namoyish etmoqda. U Superliga doirasida “Bashakshehir”ga qarshi o‘tkazilgan to‘rtta uchrashuvning uchtasida samarali harakat qilgan va o‘z hisobiga 2 ta gol hamda 1 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan.
3. Saviolo klub tarixiga kirish arafasida
Mezbonlarning yangi a’zosi Noa Saviolo tarixiy natijani takrorlashni maqsad qilgan. U 2000/01 mavsumidan buyon “Trabzonspor” safida Superligadagi dastlabki ikki o‘yinida ham gol urgan ikkinchi xorijlik futbolchi bo‘lishi mumkin. Bungacha bunday natijaga faqat Pol Onuachu erishgan.
4. Mavsumni mehmonda boshlash — “Bashakshehir” uchun dahshat
Statistika istanbulliklarning safar o‘yinlarini mavsum boshida juda yomon o‘tkazishini tasdiqlamoqda. “Istanbul Bashakshehir” 2016/17 mavsumidan buyon Superligada mavsumni mehmonda boshlagan to‘qqizta holatning birortasida ham g‘alaba qozona olmagan (2 ta durang va 7 ta mag‘lubiyat).
5. “Trabzonspor” — o‘z uyining «qiroli»
Mezbonlar mavsumni o‘z maydonida boshlash borasida ajoyib ko‘rsatkichga ega. “Trabzonspor” Superligada so‘nggi 14 mavsumning 11 tasida o‘z maydonidagi birinchi uchrashuvda g‘alaba qozongan. Ushbu davrdagi yagona mag‘lubiyat 2020 yil sentyabr oyida “Beshiktosh”dan qabul qilib olingan.
6. “Bashakshehir” tarixiy startni takrorlamoqchi
Joriy mavsumning birinchi turida “Kojaelispor”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan “Bashakshehir” Trabzonda ham zafar quchib, mavsumni ikkita g‘alaba bilan boshlashni maqsad qilgan. Jamoa oxirgi marta bunday natijaga 10 mavsum oldin — 2016/17 mavsumida erishgan edi.
7. Trabzonda Istanbul klublariga «non yo‘q»
“Trabzonspor” o‘z maydonida Istanbul jamoalariga qarshi o‘ta muvaffaqiyatli o‘yinlar seriyasini davom ettirmoqda. Mezbonlar Superligadagi so‘nggi 13 ta uchrashuvning faqat bittasida mag‘lub bo‘lishgan (8 ta g‘alaba va 4 ta durang). Yagona mag‘lubiyat 2026 yil fevral oyida “Fenerbahche”dan (2:3) qabul qilingan.
8. Besh o‘yinlik g‘alabasiz seriya
“Istanbul Bashakshehir” uchun Trabzon safari doimo og‘ir kechmoqda. Jamoa Superligada “Trabzonspor” maydonidagi so‘nggi beshta o‘yinning birortasida ham g‘alaba qozona olmagan (3 ta durang va 2 ta mag‘lubiyat). Bugun mehmonlar ushbu qora seriyaga chek qo‘yishga harakat qiladilar.
9. “Trabzonspor” uchun eng noqulay mehmon
Garchi Trabzon stadioni “Bashakshehir” uchun noqulay bo‘lsa-da, o‘zaro o‘yinlar tarixi bu bahslar mezbonlar uchun ham oson kechmasligini ko‘rsatmoqda. “Trabzonspor” Superliga tarixida o‘z maydonida kamida ikki marta qabul qilgan jamoalar orasida uydagi g‘alabalar bo‘yicha eng past ko‘rsatkichni aynan “Bashakshehir”ga qarshi uchrashuvlarda qayd etgan (18 ta o‘yinda 6 ta g‘alaba — 33 foiz).
10. Olti o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya
Umumiy statistika “Trabzonspor”ning so‘nggi paytlardagi sezilarli ustunligini ko‘rsatmoqda. Jamoa Superligada “Istanbul Bashakshehir”ga qarshi so‘nggi oltita uchrashuvning birortasida ham mag‘lub bo‘lmagan (4 ta g‘alaba va 2 ta durang). Istanbulliklar oxirgi marta 2022/23 mavsumida Trabzon klubi ustidan g‘alaba qozonishgan.
Qisqacha xulosa
Keltirilgan faktlar va statistika “Trabzonspor”ning umumiy ustunligini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Istanbul jamoalariga qarshi muvaffaqiyatli seriya va “Bashakshehir”ning Trabzondagi g‘alabasiz o‘yinlari mezbonlar foydasiga ishlaydi.
Biroq, “Bashakshehir”ning Trabzonda mezbonlar uchun eng noqulay raqiblardan biri ekani va tarixan bu bahslar doimo muvozanatli kechgani kutilmagan natijalarga umid beradi. Eldor Shomurodovning mehmondagi gollar samaradorligi pastligi “Bashakshehir” uchun alohida muammo bo‘lishi mumkin, ammo o‘zbek hujumchisi aynan shunday muhim bahsda o‘z so‘zini aytishi va jamoasiga g‘alaba keltirishi mumkin. Abbosbek Fayzullayevning kreativ o‘yini ham mehmonlar hujumi uchun juda muhim bo‘ladi.
Bo‘lajak bahs haqiqiy futbol bayrami va ikki kuchli jamoaning murosasiz jangiga aylanishi shubhasiz.































Izohlar 0
…